08.04.2025. Kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi munosabati bilan “7 aprel’ — Butunjahon salomatlik kuni”ga bag‘ishlangan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Toshkent shahar kengashi tomonidan sport musobaqalari o‘tkazildi.
Kasaba uyushmalari tashkilotlari mamlakatimizdagi eng yirik jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanib, mehnat jamoalarida xodimlar o‘rtasida sport-sog‘lomlashtirish ishlarini amalga oshirishdagi roli tobora ortib bormoqda.
Shu kunlarda o‘tkazilayotgan tadbirlar shukuhi o‘zgacha. Xabaringiz bor, bu yil kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Joylarda xodimlar bilan bunday tadbirlarni o‘tkazish, nafaqat shahar miqyosida, balki tarmoq, tuman va boshlang‘ich tashkilotlarda ham keng yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Toshkent shahar kengashi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi “Jismoniy tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish ishlari boshqarmasi” unitar korxonasi hamkorligida Yakkasaroy sport majmuasida “7 aprel’ — Butunjahon salomatlik kuni” munosabati bilan “Sog‘lom hayot boshlash — farovon kelajak garovidir” shiori ostida xodimlar o‘rtasida sportning yurish, shaxmat, shashka, stol tennisi va darts turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Tadbirning asosiy g‘oyasi — har bir fuqaro o‘z sog‘lig‘i uchun shaxsan mas’ul ekanini, uni muhofaza qilish va mustahkamlash yo‘lida har kuni harakat qilish zarurligini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Toshkent shahridagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun ommaviy tarzda sport bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatlarini yaratish, yoshlarda sport va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida musobaqalar tizimli ravishda tashkil etildi.
Sportning ommaviy yurish, shaxmat, shashka, stol tennisi va darts turlari bo‘yicha 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Musobaqaning har bir turi bo‘yicha baholar hakamlar hay’ati tomonidan xolisona va shaffoflik tamoyillariga to‘liq rioya etilgan holda belgilandi.
Musobaqa bayramona tarzda, ko‘tarinki ruhda, musiqa sadolari ostida, barcha sanitariya talablariga amal qilingan holda tashkil etildi. G‘oliblarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Toshkent shahar kengashi tomonidan esdalik sovg‘alar va diplomlar topshirildi.
Ushbu tadbirda tribunadagi 500 nafardan ortiq guruh a’zolari ishtirokchilarni olqishlab, butun musobaqa davomida qo‘llab-quvvatlab turishdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ushbu sport bayramini tashkil etgan mutasaddi tashkilotlarga chuqur minnatdorlik bildirishdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Toshkent shahar kengashi