10.04.2025. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati kengashi hamda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida Pastdarg‘om tumanida kengaytirilgan yig‘ilish va seminar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasidan Samarqand viloyatiga biriktirilgan vakil Nodir Dehqonov, Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebo Saidova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi raisi Suxrob Rafiqov, shuningdek, “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi bo‘yicha viloyat komissiyasi a’zolari, tuman va shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari boshliqlari ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi raisi Suxrob Rafiqov PQ-103-sonli qaror va “Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bayoni” ijrosi doirasida viloyatda xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr bildirdi.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining o‘rinbosari Zebo Saidova tegishli boshqarmalar, viloyatdagi tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari, barcha tuman va shahar hokim o‘rinbosarlari hamda tijorat banklari rahbarlariga xotin-qizlar iqtisodiy faolligini oshirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar va ko‘rsatmalar berdi.