15.04.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da o‘tkazilgan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” uchun shaxmat musobaqasining Navoiy viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat kengashi raisi Nazira Tog‘aeva so‘zga chiqib, Prezidentimiz tashabbuslari bilan inson manfaatlarini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalarini alohida ta’kidladi. Shuningdek, mazkur jarayonlarda kasaba uyushmalarining ham faol ishtirok etayotgani, xususan, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash bilan birga mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzi barqarorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shish maqsadida turli sport musobaqalari ham o‘tkazib kelinayotganini qayd etdi va musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Bellashuvlar Xalqaro shaxmat federatsiyasining amaldagi qoidalari asosida, rapid yo‘nalishida ayollar va erkaklar o‘rtasida o‘tkazildi. Har bir musobaqa 7 turda shveysarcha tizimda bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga o‘yin oxiriga qadar 10 daqiqa vaqt berildi, birinchi yurishdan boshlab har yurishga 2 soniyadan vaqt qo‘shib borildi.
Musobaqaning hal qiluvchi, yakuniy bosqichida shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 44 nafar intellektual salohiyat egalari Respublika bosqichiga yo‘llanma uchun dona surishdi. Har bir yurish, har bir qaror shaxmatning aql va matonat maydoni ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Qizg‘in tarzda o‘tkazilgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasida “Navoiyazot” AJ xodimi Abbos Axtamov birinchi, Uchquduq tuman IIB kadrlar guruhi inspektori Baxtiyor Sultonov ikkinchi, “Qizilqumsement” AJ xodimi Ruslan Djabbarov uchinchi o‘rinni egalladi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda esa Navoiy viloyati ftiziatriya va pul’monologiya markazi kichik tibbiyot xodimi Feruza Sattorova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Navbahor tumanidagi 5-sonli maktab o‘kituvchisi Olima Karimova ikkinchi, Qiziltepalik Dilbar Salimova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Eng yaxshi natijani qayd etgan ishtirokchilar Respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmaga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati