[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

17.04.2025. “Farg‘onaazot” AJ korxonasi – O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan kimyo sohasidagi yetakchi ishlab chiqaruvchi zavodlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu korxonada 6 mingga yaqin yurtdoshimiz mehnat qilmoqda. Ayni vaqtda korxonada tuzilgan amaldagi jamoa shartnomasi orqali xodimlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Kuni kecha “Farg‘onaazot” AJ kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada “Farg‘onaazot” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Umidillo Millabaev, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining o‘rinbosari Ibrohim Isoqov, Respublika kengashining mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Shuhratilla Rixsiboev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Farg‘ona viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Lola Ahmedova, mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi mudiri Tursunali Karimov hamda ishlab chiqarish sexlaridan saylangan 80 nafar delegat ishtirok etdilar.

Konferensiyada tashkilotning 2020–2025 yillar davomidagi 5 yillik faoliyati yuzasidan ish beruvchi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi va taftish komissiyasining hisobotlari tinglandi.

Ma’ruzalar yakunlangach, delegatlar tomonidan muhokama o‘tkazilib, tashkilotning hisobot davridagi faoliyati “qoniqarli” deb baholandi. Shuningdek, taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.

Kun tartibidagi tashkiliy masalaga ko‘ra, yashirin ovoz berish yo‘li bilan, muqobillik asosida, “Farg‘onaazot” AJ boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi lavozimiga Abduvoxidov Ilhom Rahimovich ko‘pchilik ovoz bilan qayta saylandi. Shuningdek, kasaba uyushmasi qo‘mitasining tarkibi, taftish komissiyasi a’zolari hamda yuqori tashkilotlarning konferensiya va qurultoylariga delegatlar saylandi.

Konferensiya yakunida korxonaga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan “Farg‘onaazot” AJ kasaba uyushmasi tashkiloti hisobot-saylov konferensiyasi Nizom talablariga muvofiq yuqori saviyada o‘tkazilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, joriy yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi nishonlanishiga doir ma’lumotlar taqdim etildi.

Tadbir yakunida xodimlar mas’ul shaxslarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berib, tegishli javoblarni oldilar.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi