17.04.2025. Yoshlik — inson umrining orzu-maqsadlarga, intilishlarga qanot bo‘lguvchi, istiqbol ostonasidir. Insonning imkoniyatlari juda keng. Shu bois, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan biz, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishimiz, malakali kadrlar sifatida shakllanishimiz, kasb-hunar o‘rganishimiz, ilmiy va ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, o‘z salohiyatimizni to‘liq ro‘yobga chiqarishimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ta’lim olish har bir yoshning kelajakdagi muvaffaqiyatiga qo‘yilgan muhim poydevordir. Bu yo‘nalishda davlatimiz tomonidan ko‘plab grantlar, stipendiyalar va ijtimoiy imtiyozlar joriy qilinmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan stipendiyalar yoshlarning ta’lim jarayonlaridagi moliyaviy qiyinchiliklarini yengillashtirishga, bilim olishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Bu esa yoshlarda ishonch va shijoat uyg‘otib, ularning kelajaklarini mustahkam poydevor asosida qurishlariga turtki bo‘lmoqda.
Men, Eshonqulova Madina Yusup qizi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakul’teti “Xorijiy til va adabiyoti” fan yo‘nalishi 4-bosqich talabasi sifatida joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent shahar Kengashi tomonidan tashkil etilgan tanlovda ishtirok etib, stipendiya sovrindori bo‘ldim.
Bu stipendiya nafaqat men uchun, balki bilim olishga intilayotgan, ammo ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan boshqa yoshlar uchun ham katta rag‘bat bo‘ldi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat yoshlarning ilmiy salohiyatli bo‘lib yetishishi, balki kelajakda tanlagan sohasida yetuk mutaxassis sifatida faoliyat olib borishi uchun ham katta turtki bo‘lmoqda.
O‘zbegimning eng baxtli yoshlaridan biri sifatida faxr va iftixor tuyg‘usi bilan shuni ayta olamanki, menga bildirilgan ishonchni oqlash uchun ushbu imkoniyatdan samarali foydalanib, bor bilim va salohiyatimni ishga solgan holda Vatanim ravnaqiga munosib hissa qo‘shish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman.
Menga va men qatori ko‘plab talaba yoshlarga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun muhtaram yurtboshimizga hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Eshonqulova Madina
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi