23.04.2025. Dunyo statistikasiga nazar tashlasak, har yili 15 milliondan ziyod ishchi ish jarayonida baxtsiz hodisalarga duch kelayotgani kuzatiladi. Shuningdek, zararli ish sharoiti tufayli 6 millionga yaqin xodim kasbiy kasallikka chalinib, afsuski, 2,5 milliondan ortiq inson ish jarayonida hayotdan ko‘z yummoqda. Bu raqamlar bir jihatni oydinlashtiradi: mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligiga yengil qarab bo‘lmaydi.
Aynan shu muhim masalaga bag‘ishlangan tadbir esa “O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyatining 120 yilligi” hamda 28 aprel’ – “Butun jahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan o‘tkazildi. Toshkent shahridagi mazkur amaliy seminar O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi va Respublika “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida ZOOM orqali tashkil etildi.
Seminarda “Hunarmand” uyushmasi tizimidagi qiriqdan ziyod xodimlar, viloyatlardagi 150 dan ortiq hunarmandlar, shuningdek, sohaning yetuk mutaxassislari ishtirok etdilar. Ular orasida “Hunarmand” uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Akbar Muxamedov, O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi ijrochi direktori Eka Margishvili, “Modern Medicine Alliance” MChJ rahbari o‘rinbosari Sardor Qodirov, mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassis Marat Adilov va boshqalar bor edi.
Seminarda mehnatni muhofaza qilish sohasida yuzaga kelayotgan muammolar, ularning yechimlari hamda innovasion yondashuvlar muhokama etildi. Maxsus kiyim-boshlar, texnika xavfsizligi talablari, sun’iy intellekt va raqamlashtirish texnologiyalarining mehnat muhofazasiga ta’siri kabi yo‘nalishlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassis Marat Adilovning ta’kidlashicha, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari ba’zi tashkilotlarda to‘laqonli bajarilmayotgan holatlar kuzatilmoqda. Shu bois, ish beruvchilardan mavjud kamchiliklarni bartaraf etishlari, munosib mehnat sharoitini yaratish, xodimlarni maxsus kiyimlar bilan ta’minlash talab etilmoqda.
Shuningdek, hunarmandchilik sohasida mehnat muhofazasi alohida ahamiyatga ega. Bu soha qo‘l mehnatiga asoslangani sababli, xavfsizlikni ta’minlash inson hayotini asrash bilan teng ahamiyatga ega. Yangi texnologiyalar, ayniqsa, sun’iy intellekt va raqamlashtirish imkoniyatlari ish jarayoni samaradorligi va xavfsizligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Seminarda so‘zga chiqqan Eka Margishvilining ta’kidlashicha, “Xavfsiz mehnat muhiti — ishlab chiqarish samaradorligining asosiy omillaridan biri”. U ish beruvchilarni xodimlar uchun munosib sharoit yaratishga va amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Yakunda tadbir ishtirokchilari ularni qiziqtirgan savollarga javob olishdi va mehnat munosabatlari, qonunchilik, xavfsizlik bo‘yicha muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ushbu tadbir esa, o‘z navbatida, ish joylarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarni oldini olishda va mehnat muhofazasiga bo‘lgan yondashuvni yangi bosqichga olib chiqishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.