23.04.2025. Ayni kunlarda mamlakatimiz temir yo‘l tizimining turli hududlarida respublikamiz iqtisodiyoti, xalqimiz farovonligi uchun muhim bo‘lgan katta loyihalar asosida yangi yo‘llarni qurish, mavjudlarini elektrlashtirish kabi ishlar amalga oshirishmoqda. 196 kilometrlik “Miskin – Nukus” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ana shunday loyihalardan biridir.
Bugungi kunda minglab temiryo‘lchilar iqlim murakkabliklariga qaramay ushbu yo‘nalishdagi po‘lat izlarni elektrlashtirish va yuqori tezlikda harakatlanadigan poezdlarga moslashtirish ishlarini samarali amalga oshirimoqdalar. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan mazkur uchastka hududlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning ijtimoiy holati, mehnat muhofazasiga alohida e’tibor qaratilgani holda murakkab iqlim va hudud sharoitiga ega maskanlarda ishlovchilar uchun munosib va qulay mehnat sharoitlari yaratilmoqda.
Mazkur yo‘nalishlardagi ishlarda albatta O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining ham munosib hissasi bor. Xususan, kuni kecha O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mutasaddilaridan iborat ishchi guruhi tomonidan “Miskin – Nukus” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish loyihasi doirasidagi qurilish ob’ektlarida ishlayotgan ishchilarning mehnat, dam olish, ovqatlanish sharoitlari, ular mehnatini muhofaza qilish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar, shu jumladan, ishchilarning maxsus kiyim-bosh, poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanganlik darajasi o‘rganilib, amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Mazkr o‘rganishlar doiraisda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan, shuningdek, temir yo‘l tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilib, “Miskin – Nukus” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish loyihasi bajarilishida o‘zining namunali mehnatlari, tashabbuskorligi va tashkilotchiligi bilan kasaba uyushma a’zolariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan bir guruh soha fidoiylari moddiy va ma’naviy rag‘batlantirildi. Jumladan, “Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filialining 15 nafar, “1-son energomontaj poezdi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 85 nafar, jami 100 nafar xodimga tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan pul mukofotlari topshirildi.
Bu kabi e’zgu ishlar boshqa hududlarda ham davom ettiriladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati