29.04.2025. Mehnat kodeksining 232-moddasiga binoan yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Bunday holda, ta’tilning foydalanilmagan qismi xodimga o’sha ish yilining boshqa vaqtida berilishi kerak.
Xodimning roziligisiz ta’tildan chaqirib olishni mehnat shartnomasiga yoki ichki hujjatlarga kiritish mumkinmi?
Yo’q, bu mumkin emas.
Xodim ish beruvchidan uni ta’tildan chaqirib olishni talab qilishga haqlimi?
Xodim ish beruvchidan unga berilgan ta’tilni to’xtatib turish orqali uni ta’tildan chaqirib olishni talab qilishga haqli emas.
Kimni ta’tildan chaqirib bo’lmaydi?
Mehnat kodeksining 232-moddasi 2-qismiga binoan, 18 yoshga to‘lmagan xodimlarni, homilador ayollarni, o‘ta xavfli va o‘ta og‘ir ishlarda ishlaydigan xodimlarni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ish ta’tilidan chaqirib olish qanday rasmiylashtiriladi
Xodim ta’tildan chaqirib olishga roziligi to’g’risida alohida ariza yozishi mumkin, shuningdek o’z roziligini bevosita ish beruvchining buyrug’i bilan imzolash va sana ko’rsatishi mumkin.
Xodimni necha kundan keyin ta’tildan chaqirib olish mumkin?
Xodim rozi bo’lsa uni ta’tilga chiqgan kunning etrasidan chaqirib olish mumkin. Yillik mehnat ta’tilidan chiqishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yo’l qo’yiladi. Ya’ni, 14 yoki 21 kalendar kundan keyin chaqirib olish mumkinligi to’grisida shart yo’q.
Agar xodim ta’tildan chaqirilsa, ta’til to’lovi qaytariladimi?
“Alohida hollar uchun xodimlarning o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarishning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida”gi Nizomning 10-bandiga binoan, xodim ta’tildan chaqirib olinsa va ta’tilning qolgan qismi boshqa muddatga ko‘chirilsa, ta’tilning foydalanilmagan qismi kunlariga haq to‘lash uchun o‘rtacha ish haqi belgilangan tartibda hisoblab chiqiladi va ta’tilning ko‘chirilgan kunlariga to‘g‘ri keladigan to‘langan o‘rtacha ish haqi summasi bajarilgan ish yoki ishlangan vaqt uchun oylik ish haqi hisobiga yoziladi.
Ta’tildan chaqirilganda ta’tilning foydalanilmagan qismini pul kompensatsiyasiga almashtirish mumkinmi?
Ha, mumkin. Bunday holda, Mehnat kodeksining 234-moddasi talablariga rioya qilish kerak.
Xodimni ijtimoiy ta’tildan yoki ish haqi saqlanmaydigan ta’tildan chaqirib olish mumkinmi?
Xodimni ta’tildan chaqirib olish qoidalari yillik asosiy, qo’shimcha yoki yillik uzaytirilgan ta’tilga qo’llaniladi. Ta’tildan chaqirib olish qoidalari ijtimoiy ta’tilga, shu jumladan ish haqi qisman saqlanadigan ta’tilga va ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga taalluqli emas.