[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

30.04.2025. Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shu jumladan, sportning shaxmat turini ommalashtirish va rivojlantirish, sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga yuksak e’tibor qaratilib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakatimiz sportchilari xalqaro musobaqalarda tarixiy yutuqlarni qo‘lga kiritib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yanada kengroq yoymoqdalar. Xususan, Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 4-o‘rinni, turkiy va Islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.

Mazkur yo‘nalishlardagi ishlarga munosib hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, ularni sportga keng jalb etish, bu orqali xodimlar salomatligini mustahkamlash va mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzi barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashish yo‘nalishlarida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Respublikamizda sportning shaxmat turini ommalashtirish va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasisi tizimidagi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasi qoshida “Shaxmat maktabi” tashkil etildi,  mehnat jamoalarida  shaxmat klublari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, turli mehnat jamolarida shaxmat musobaqalarini tashkil etish yuzasidan “kalendar reja” tasdiqlanib, havaskor shaxmatchilar o‘rtasida shaxmat musobaqalariini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi “2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida sportning shaxmat turi bo‘yicha “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” uchun tashkil etilgan Respublika musobaqalari mazkur yo‘nalishlardagi ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi oldidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Sport vazirligi va O‘zbekiston shaxmat Federatsiyasi ishtirokida tashkil etilgan mazkur shaxmat musobaqasi 3 bosqichda o‘tkazildi va Yangi O‘zbekistonda mehnatkashlar hamda yoshlarning shaxmat bo‘yicha qobiliyatini namoyon qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berdi.

Xalqaro shaxmat Federatsiyasi “FIDE”ning amaldagi qoidalariga muvofiq o‘tkazilgan musobaqalarning birinchi va ikkinchi bosqichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 12 mingdan ortiq korxona, tashkilot  va muassasalarda faoliyat olib borayotgan 85 ming nafardan ortiq mehnatkashlarni qamrab oldi. Quyi bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan havaskor shaxmatchilardan 56 nafari musobaqaning Respublika bosqichiga yo‘llanma oldilar.

Musobaqalarning Respublika bosqichi ishtirokchilari bo‘lgan turli sohalar egalari kasaba uyushmalari tomonidan poytaxtimizla iliq kutib olinib, zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan “Chinobod plaza” sanatoriysiga joylashtirildi. Bu yerda ularning dam olib, musobaqalarga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar va qulayliklar yaratib berildi.

Shaxmat doskasi ustidagi bahslarning final bosqichi bellashuvlari muhtasham maskanlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida bo‘lib o‘tdi. Mazkur saroyda musobaqalarning yuqori saviyada o‘tishi uchun yuksak tayyorgarlik ko‘rilgani, professional darajadagi qulaylik va sharoitlar yaratilgani muhim o‘yinlar oldidan havaskor shaxmatchilar kayfiyatini yanada ko‘tardi.

Musobaqalarning dastlabki kuni 28 nafar ayol va 28 nafar erkak – havaskor shaxmatchilar shveysarcha usulda o‘zaro kuch sinashdilar. Shu tahlit musobaqlarning birinchi kuni ishtirokchilar 1-turdan 6-turgacha bo‘lgan bahslarda, ikkinchi kungi bellashuvlarda esa 7-turdan 9-turgacha bo‘lgan musobaqalarda rapid yo‘nalishida aqliy salohiyatlarini namoyon etdilar. O‘ziga xos kombinasiyalarga boy bo‘lgan har bir bahs yurtdoshlarimizning shaxmat sohasida katta salohiyatga ega ekanliklarini ko‘rsatdi.

Nihoyat nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan musobaqaning Respublika bosqichi g‘oliblari to‘plagan ochkolari soniga qarab aniqlandi.

Tantanali ravishda tashkil etilgan taqdirlash marosimida musobaqaning 56 nafar Respublika final bosqichi ishtirokchilariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan maxsus diplom va “Chinobod plaza” sanatoriysida dam olib, salomatliklarini mustahkamlashlari uchun bepul yo‘llanmalar topshirildi. Shundan so‘ng 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan havaskor shaxmatchilarga  30 million, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga 40 million, 1-o‘rin sohibi bo‘lgan g‘oliblarga 50 million so‘mdan pul mukofotlari va medallar topshirildi. Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra erkak va ayollar o‘rtasidagi musobaqalar yakuni bo‘yicha umumjamoa xisobida eng yuqori natija qayd etgan Toshkent viloyati jamoasiga “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” taqdim etildi.

Tantanali tadbir yakunida ishtirokchilar e’tiboriga O‘zbekiston san’at ustalari ijrosidagi bayramona konsert dasturi namoyish etildi.

Shuningdek, katta sport bayramiga aylangan shaxmat musobaqalari doirasida Respublika bosqichi ishtirokchilari uchun Toshkent shahri bo‘ylab maroqli sayohatlar ham tashkil etildi. Xususan, havaskor shaxmatchilar “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydilar. Shundan so‘ng “Toshkent siti” majmuasi bo‘ylab tashkil etilgan sayohatlar davomida bu maskanda barpo etilgan inshootlar  hamda  “Toshkent city mall” bilan yaqindan tanishdilar.

Uch kun davom etgan sport bayrami har bir ishtirokchi hayotida o‘ziga xos unutilmas xotiralarni qoldirish bilan birga mehnat jamoalarida shaxmat o‘yinini keng targ‘ib etish, bu borada ommaviylikni oshirish hamda ishchi va xodimlar orasidan yangi iqtidorlarni yuzaga chiqarishga munosib hissa qo‘shdi. Oldinda esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mazkur jarayonlar sur’atini yanada oshirishga qaratilgan yana yangi tashabbus va loyihalari turibti.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari