02.05.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi tomonidan “Xotira — abadiy, qadr — muqaddas!” shiori ostida tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda viloyat kasaba uyushmalari tizimida mehnat faoliyati olib borib, hozirda nafaqaga chiqqan faxriylar, amalda faoliyat yuritayotgan kasaba uyushma yetakchilari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining hududiy mas’ullari, viloyat kengashi va birlashgan qo‘mita raislari, “Nuroniy” jamg‘armasining viloyat bo‘limi vakillari hamda boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari, Federatsiya kengashi Faxriylar kengashi raisi Mirjalilov Atxam Jalilovich hamda Metallurgiya va mashinasozlik sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Dehqonov Nodir Shuxratovich ishtirok etdi.
O‘z nutqida Samarqand viloyati kasaba uyushmalari kengashi raisi So‘xrob Rafiqov 9 may — Xotira va qadrlash kunining ahamiyati, urush va mehnat frontida fidokorona xizmat qilgan yurtdoshlarimizning jasorati, tinchlik uchun jonini fido qilganlar xotirasini yod etish xalqimizga xos oliy qadriyat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, har yili qabul qilinayotgan davlat dasturlarida nuroniylarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Mirjalilov Atxam Jalilovich ham tadbir ishtirokchilari va faxriylarni bayram bilan tabriklab, Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mustaqillik yillarida fidoyi ajdodlarimizning xotirasini abadiylashtirish, ularga hurmat va e’tibor ko‘rsatish yangi mazmun-mohiyat bilan boyitildi.
Tadbir davomida kasaba uyushmalari tizimida faoliyat yuritgan va bugun orimizda bo‘lmagan marhumlar xotirasi yodga olindi va ular haqida videorolik namoyish etildi.
Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi sobiq raisi Shodieva Mar’yam Bahriddinovna ham tadbirda so‘zga chiqib, faxriylarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibordan mamnunligini bildirdi.
Bayram munosabati bilan faxriylarga viloyat kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari va Toshkent shahriga ikki kunlik bepul sayohat sertifikatlari topshirildi.
Tadbir yakunida mehmonlar uchun an’anaviy “bir piyola choy” tadbiri uyushtirildi.