[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

08.05.2025. 2025 yil 7 may kuni Samarqand shahridagi O‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabida 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan sog‘lomlashtiruvchi sport musobaqasi tashkil etildi.

Tadbir O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi, viloyat sport boshqarmasi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi.

Musobaqada viloyatda turli sohalarda faoliyat yuritib, hozirda nafaqada bo‘lgan 78 nafar faxriy ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Akbar Abdusaidov so‘zga chiqib, nuroniylar va faxriylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida gapirdi. Shuningdek, u kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi hamda musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

“Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari Donaqul Toshboev ham tadbir qatnashchilarini bayram bilan tabriklab, Xotira va qadrlash xalqimizning qadimiy an’analari ekanini ta’kidladi. U janglarda jonini fido qilgan bobolar, qiyinchiliklarni yenggan onalarimiz xotirasini yod etish va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish mustaqillik yillarida yangi mazmun kasb etganini qayd etdi. Shuningdek, u musobaqada ishtirok etayotgan barcha faxriylar g‘olib ekanligini ta’kidlab, yana bir bor bayram bilan tabrikladi.

Ushbu tadbirda eng yoshi katta ishtirokchi sifatida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Mo‘minxo‘ja mahallasida yashovchi 91 yoshli Murod bobo Saypiev va Samarqand shahridagi Ilmobod mahallasida istiqomat qiluvchi 88 yoshli Xamida Karimova qatnashdi.

Sog‘lomlashtiruvchi sport musobaqasida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari hamda 10 nafar faxriyga Toshkent shahriga 2 kunlik bepul sayohat sertifikatlari topshirildi.