21.05.2025. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Sirdaryo viloyati kengashiga 2024 yil 10 dekabr’ kuni Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati hududiy filialida ishlovchi 15 nafar xodim tomonidan murojaat qilindi. Ular ish beruvchi tomonidan ish haqidan asossiz ravishda ushlab qolingan mablag‘larni xodimlar hisoblariga qayta undirishda amaliy yordam so‘radilar.
Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, 2024 yil oktyabr’ oyida Sirdaryo viloyati prokuraturasining so‘roviga asosan Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi ichki audit xizmati viloyat hududiy bosh mutaxassisi tomonidan filialda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv yakunida rasmiylashtirilgan ma’lumotnomada, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning hisoblanishi va to‘lanishini qonuniyligini o‘rganish jarayonida, xodimlarga navbatchilikning 18:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan vaqt uchun “kechki smena” yoki “kechki vaqt” sifatida to‘langan 30 foizli qo‘shimcha to‘lov natijasida ortiqcha pul mablag‘lari to‘langani ta’kidlangan.
Shu asosda ish beruvchi tomonidan yuqoridagi 15 nafar xodimning ish haqidan Mehnat kodeksining 269-moddasi talablariga zid ravishda — ya’ni xodimlarning roziligisiz — ushlab qolish amaliyotiga yo‘l qo‘yilgan.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Sirdaryo viloyati bo‘yicha mehnat huquqi inspektori A. Albekov tomonidan 2025 yil 3 fevral kuni xodimlar manfaatida FIB Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Biroq, sud ushbu da’voni qanoatlantirishni rad etdi. Shundan so‘ng A. Albekov tomonidan Sirdaryo viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha apellyasiya sudlov hay’atiga shikoyat arizasi berildi.
Apellyasiya sudi mazkur ishni ko‘rib chiqib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qildi va 15 nafar xodimdan asossiz ravishda ushlab qolingan 42 562 579 so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini ularning hisoblariga qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqardi.
Hozirgi kunda mazkur mablag‘ xodimlar hisoblariga to‘liq o‘tkazildi.