22.05.2025. Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Rishton tuman tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasida nomzodlarni saylash muqobillik asosida o‘tkazildi. Bu esa har jihatdan munosib yetakchining saylanishiga xizmat qildi.
Dastlab, delegatlar yetakchi va taftish komissiyasining hisobotlarini tingladilar.
Aytish joizki, Erkinjon Abdullaev ko‘p yillardan buyon Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Rishton tuman tashkilotining raisi lavozimida ishlab kelmoqda. Ishi, bilimi va tajribasi bilan jamoadoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan kasaba uyushma yetakchisi har bir a’zoni yaxshi biladi. Shu bois, bu yerda mehnat qilayotgan xodimlar u bilan erkin muloqot qilib, ko‘nglidagini aytadi va ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan bemalol murojaat qilishadi.
Kasaba uyushmalari sa’y-harakatlari bilan 2023-yildan boshlab xodimlarning bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari ta’minlandi.
O‘tgan yillar davomida 308 nafar ta’lim xodimi kasaba uyushmalari tizimidagi sihatgohlarda sog‘lig‘ini tikladi. Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan 3 ming 234 nafar xodimga yordam ko‘rsatildi.
510 nafar ishchi-xodimlarning farzandlari yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida hordiq chiqardilar.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida xodimlar Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva kabi tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirildi. Salkam uch ming nafar kasaba uyushma a’zosi so‘lim maskanlarda dam oldi.
Shuningdek, nizoli holatlarda kasaba uyushma yetakchisi xodimlar manfaatlarini samarali himoya qildi. Kasaba uyushmalari aralashuvi bilan xodimlar huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Delegatlar yetakchining so‘nggi besh yildagi faoliyatini ijobiy baholadilar.
Muqobillik asosida yashirin ovoz berish orqali Erkinjon Abdullaevga ishonch bildirildi va u Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Rishton tuman tashkiloti raisi etib qayta saylandi.
Konferensiya kun tartibidagi masalalar muhokama qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Besh yillik faoliyatga bag‘ishlangan konferensiyada Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi Lazokatxon Turikova hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Lolaxon Ahmedova ishtirok etdilar.