23.05.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasining qaroriga asosan, “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi malaka oshirish instituti” nodavlat ta’lim muassasasida 2025 yilning may-iyun’ oylariga mo‘ljallangan o‘quv rejasi doirasida navbatdagi tadbir amalga oshirildi.
Jumladan, 2025 yil 19–23 may kunlari Tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, shuningdek “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashlari mehnat texnik inspektorlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mazkur o‘quvlar davomida tinglovchilar mehnat muhofazasi, xodimlar xavfsizligi va ish joylarida sog‘lom mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan yo‘nalishlarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
Shu bilan birga, ular Olmaliq KMKda mehnat muhofazasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Amaliy tanishuv jarayoni ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va o‘quv mashg‘ulotlarining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qildi.