[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

28.05.2025. Farg‘onada Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, kasaba uyushmaning Farg‘ona viloyati kengashi raisi Zohidjon Qodirovning 2020–2025 yillar davomidagi faoliyati yuzasidan hisoboti tinglandi.

Ayni paytda viloyat kengashi tasarrufidagi 306 ta tashkilotda 23 217 nafar ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda.

Qayd etildiki, jamoa shartnomalari orqali xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari munosib himoya qilinyapti. Xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish ishlari sifat va miqdor jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Jamoa shartnomalari asosida ish beruvchilar va kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan xodimlar va ularning oila a’zolari tarixiy shaharlar hamda diqqatga sazovor joylarga sayohatlarga yuborilmoqda.

Jumladan, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida qator xayrli ishlar amalga oshirildi. Xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan tarixiy shaharlarga sayohatlar soni va ko‘lami sezilarli darajada oshdi. Xususan, 375 nafar xodim viloyat hududidagi diqqatga sazovor joylarga, 1500 nafar xodim esa yurtimizning tarixiy shaharlariga sayohat qildi.

Jami 680 nafar a’zoga sanatoriylarga yo‘llanmalar ajratilgan bo‘lib, shundan 40 nafar xodim imtiyozli yo‘llanmalar asosida sog‘lig‘ini mustahkamlab qaytdi.

Yozgi mavsumda ishchi-xodimlarning 1 930 nafar farzandi yozgi oromgohlarda dam oldi.

Ayniqsa, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar doimo e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan ularning farzandlariga o‘quv qurollari hamda darsliklar topshirish an’anaga aylangan.

Ko‘makka muhtoj xodimlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Hozirgacha 1 338 nafar kam ta’minlangan oila vakiliga kasaba uyushmasi mablag‘lari hisobidan 1 milliard 171 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

So‘nggi besh yil ichida nodavlat sektorda faoliyat yuritayotgan 353 ta tashkilotda mehnat qilayotgan 18 462 nafar ishchi-xodim kasaba uyushmasiga a’zo bo‘ldi.

Shu tariqa, kasaba uyushmalari haqiqiy ko‘makchiga aylanmoqda.

Konferensiyada taftish komissiyasining hisoboti ham tinglandi. Muzokaralar davomida delegatlar tomonidan viloyat kengashi faoliyati qoniqarli deb baholandi.

Muqobillik asosida o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, Zohidjon Qodirov qaytadan Farg‘ona viloyati kengashi raisi etib saylandi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati