29.05.2025. 2025 yil 28 may kuni O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyati kengashining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda kengash raisi Shohruh Shamsiddinov so‘nggi besh yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar yuzasidan ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda norasmiy va nostandart band xodimlarning huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida tarmoq kasaba uyushmasi tobora muhim o‘rin egallab bormoqda. Xodimlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish ustidan jamoatchilik nazorati samarali tarzda amalga oshirilmoqda.
Mehnatni muhofaza qilish yo‘nalishida kengash va quyi bo‘g‘indagi kasaba uyushma qo‘mitalari tomonidan 220 ta korxona, tashkilot va muassasalar faoliyati o‘rganilib, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatilgan. Tekshiruvlar davomida 565 ta kamchilik aniqlanib, ish beruvchilarga 18 ta taqdimnoma yuborilgan. Kasaba uyushmasi aralashuvi bilan 560 ta kamchilik bartaraf etilgan.
Xodimlar va ish beruvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 50 ga yaqin korxona va tashkilotlarda faoliyat yurituvchi 12 mingdan ziyod xodimlarga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi mohiyati yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Konferensiyada delegatlar besh yillik faoliyat yuzasidan taqdim etilgan hisobot bilan batafsil tanishib, faol muhokamalarda ishtirok etdilar. Ular o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, faoliyatni qoniqarli, deb baholadilar. Shuningdek, tadbirda taftish komissiyasining hisoboti ham tinglandi.
Keyin yashirin ovoz berish orqali muqobillik asosida kengash raisi saylovi o‘tkazildi. Unda ko‘pchilik ovoz bilan amaldagi yetakchi Shohruh Shamsiddinov yana bir muddatga raislikka saylandi.
Konferensiya davomida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Tadbirda O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Nodira Shamsieva ishtirok etdi.