04.06.2025.Aviasiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi va “Uzbekistan Airports” AJ hamkorligida poytaxtimizda aviasiya sohasi korxonalari va aeroportlar xodimlari o‘rtasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining 120 yilligiga bag‘ishlangan “Rais kubogi – 2025” futbol musobaqasi o‘tkazildi.
“Aviaxodimlar ligasi” doirasida o‘tkazilgan “Rais kubogi – 2025” futbol musobaqasi ajoyib sport tadbiriga aylandi. Ushbu musobaqada 12 ta terma jamoa a’zolari ishtirok etib, bellashuvlar olimpiya tizimida o‘tkazildi. Terma jamoalar a’zolari bor kuch-g‘ayratlarini safarbar qilgan holda o‘z mahorotlarini ko‘rsatishdi. Musobaqaning barcha bosqichlari hakamlar tomonidan haqqoniy va adolatli baholab borildi.
Futbol musobaqasining dastlabki bosqichida jamoalar 4 ta guruhga bo‘lingan holda guruh o‘yinlarini o‘tkazishdi. Guruh bosqichida eng yaxshi natijalarga erishgan jamoalar pley-off bosqichiga yo‘l olib, final uchun kurashdilar.
Musobaqaning uchinchi o‘rin uchun kechgan bahslarida Qarshi va Namangan aeroportlari jamoalari to‘qnash kelishdi. Qizg‘in va keskin o‘yinda 0:1 hisobida Namangan aeroporti jamoasi g‘alaba qozondi, bu natija jamoaning tayyorgarlik darajasi va g‘alabaga bo‘lgan irodasini yaqqol namoyon etdi.
Finalda esa Uzbekistan Airports Handling hamda Navoiy aeroporti jamoalari kuch sinashdi. Har ikki jamoa o‘yinchilari yuqori sport mahorati, jamoaviylik va haqiqiy futbol ruhini namoyon qilishdi. Murosasiz va shiddatli tusda o‘tgan o‘yinda Navoiy aeroporti jamoasi raqibini 4:2 hisobida mag‘lub etib, musobaqa g‘olibiga aylandi.
2-o‘rinni “Uzbekistan Airports Handling” MChJ jamoasi, 3-o‘rin esa Namangan xalqaro aeroporti jamoasi qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida 1-o‘rinni egallagan Navoiy xalqaro aeroporti jamoasiga kubok va 30 mln. so‘m miqdoridagi vaucher topshirildi. Musobaqada yaxshi natijalarga erishgan terma jamoalarning har bir a’zosi medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Turnir tashkilotchilari va aeroport rahbariyati barcha ishtirokchi jamoalar hamda muxlislarga sport bayramidagi faol ishtiroklari, qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun chuqur minnatdorchilik izhor etishdi.
Bunday musobaqalar xodimlar o‘rtasida jamoaviy ruhni mustahkamlab, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati