09.06.2025. Joriy yilning 5 iyun’ kuni Jizzax shahridagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat Kengashi majlislar zalida Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Jizzax viloyati Kengashining II hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya ishida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Q. Qirg‘izaliev, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi F. Xanapiyaev, Federatsiyaning Jizzax viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari A. Ixtiyarov, Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i M. Umarov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari G. Bahramova, shuningdek taklif etilgan mehmonlar va delegatlar ishtirok etdilar.
Delegatlar tomonidan Jizzax viloyati Kengashining 2021 yil aprelidan 2025 yil iyunigacha bo‘lgan faoliyati “qoniqarli” deb baholandi va taftish komissiyasi hisoboti tasdiqlandi.
Hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomning 3.3.22-bandiga muvofiq, ishlab chiqarishdan ozod etilgan hududiy Kengash raislari va ularning o‘rinbosarlari muqobillik asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanishi belgilangan. Ushbu talabga muvofiq, ko‘pchilik ovoz bilan Yakubov Melitoji Yusupovich Jizzax viloyati Kengashi raisi lavozimiga saylandi.
Shu bilan birga, viloyat Kengashi hamda taftish komissiyasi tarkibi, shuningdek komissiya raisi saylandi.
Kun tartibidagi barcha masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Konferensiya yakunlanganidan so‘ng, Jizzax viloyati Kengashining 1-yig‘ilishi o‘tkazilib, Rayosat a’zolari hamda jamoatchilik asosida Kengash raisi o‘rinbosari saylandi.
Shuningdek, keyingi besh yillik davrda Kengash oldida turgan muhim ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Konferensiya Ustav talablariga muvofiq, mazmunan boy va demokratik ruhda o‘tdi.