13.06.2025. Toshkent viloyatining go‘zal tabiati bag‘rida joylashgan “Geolog” bolalar oromgohida “O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi” va “Sartaroshlar uyushmasi” hamkorligida “Yosh kasb egasi” tanlovi, “Ustoz-shogirt an’analari”, “Ofisiantlar ko‘rik-tanlovi” hamda Respublika Kengashi Spartakiadasi tashkil etildi. Ushbu tadbirlar “O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi” munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi haftaligi” doirasidagi muhim loyihalardan biridir.
Tadbirning bosh shiori sifatida qabul qilingan “Kasaba uyushmalari harakati — mehnatkashlarning 120 yillik birdamlik ramzi!” degan da’vatda ijtimoiy taraqqiyot, inson qadri va mehnatga bo‘lgan hurmat aks etgan. Ushbu tadbirda “Yosh kasb egasi”, “Ustoz-shogirt an’analari”, “Ofisiantlar tanlovi” hamda Respublika Kengashi Spartakiadasi kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ularda 100 nafarga yaqin yoshlar, kasbiy ta’lim muassasalari talabalari, faol ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari hamda baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan mehnatkashlarning oila a’zolari faol ishtirok etdilar.
Prezidentimizning tashabbusi bilan joriy etilgan dual ta’lim tizimi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirlarda yoshlar ish joyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyot o‘tash orqali o‘z kasbiy ko‘nikmalarini namoyon etishdi. Bu tizim, bir tomondan, ish beruvchilar ehtiyojiga mos kadrlarni tayyorlashga, ikkinchi tomondan, yoshlarni mehnat bozoriga tayyor holda kirib kelishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Spartakiada doirasida shaxmat, shashka, stol tennisi, badminton, darts va arqon tortish kabi sport turlari bo‘yicha qizg‘in bellashuvlar o‘tkazildi. G‘oliblar kuboklar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbirning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshirish maqsadida madaniy-tarbiyaviy dasturlar, interv’yular, jonli ijrolar va yoshlar bilan suhbatlar ham tashkil etildi.
84 yoshli mehnat faxriysi Ro‘zimurod Shokirov tadbirda qatnashib, shunday dedi:
“25 yil tarmoq kasaba uyushmalari tizimida mehnat qildim. Lekin hozir ham «Yoshing o‘tdi, pensionersan», deb meni chetga surishmagan. Bu tadbirlarda ham yoshlarga tajribalarimni o‘rgatdim.”
Yoshlar masalalari bo‘yicha raisi maslahatchisi Asrorjon Mamasodiqov esa shunday fikr bildirdi :
“Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Yoshlarga oid davlat siyosati”da yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularni bandlikka jalb etish, amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga ko‘maklashish va tashabbuskor yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.”
Ayni shu maqsadlar “Yosh kasb egasi” tanlovi va sport musobaqalarida o‘z ifodasini topmoqda. Bu yerda yoshlar kasbiy bilim va mahoratlarini oshirish, tajribali ustozlardan ilhom olish, jamoaviy ruhda faoliyat yuritish va kelajakda o‘z o‘rnini topa oladigan soha egasi bo‘lish yo‘lida muhim qadam tashlash imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu — kasaba uyushmalarining yoshlar istiqboliga qaratilgan e’tiborining amaldagi samarasidir.
Tanlov doirasida oshpazlik, sartaroshlik va ofisiantlik yo‘nalishlari bo‘yicha turli hududlardan tashrif buyurgan yosh mutaxassislar o‘z mahoratlarini namoyon etishdi. G‘olib deb topilgan ishtirokchilar Respublika Kengashi diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori asosida qatnashchilar Toshkent shahridagi tarixiy va madaniy obidalarga sayohat qilishdi. Bu tashriflar xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatiga hamohang yo‘nalishda amalga oshirildi.
Mazkur tadbir — faqat raqobat va g‘oliblik emas, balki yoshlarni kasbga bo‘lgan muhabbat ruhida tarbiyalash, ustoz-shogirt an’analarini saqlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, kasaba uyushmalari nufuzini mustahkamlash kabi tarbiyaviy va ijtimoiy vazifalarni o‘z ichiga olgan loyihadir.
Kasaba uyushmalari harakati mamlakatimizda faqat mehnat munosabatlarining emas, balki yoshlar siyosati, ijtimoiy himoya, kasbiy yetishish va ma’rifiy hayotning ham ajralmas qismi ekanini yana bir bor namoyon etdi. “Geolog” oromgohida o‘tkazilgan ushbu tadbir kasb orqali kamolot sari intilayotgan yoshlar uchun katta amaliy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi.