13.06.2025. 2025 yil 11 iyun’ kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti majlislar zalida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tarmoq tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlar va tuman bo‘linmalaridan saylangan 85 nafar delegatdan 78 nafari ishtirok etdi. Shuningdek, quyidagilar konferensiya ishida qatnashdi:
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Sh.I.Jalilov;
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent shahar kengashi raisi, Federatsiya raisi o‘rinbosari, Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi rektori, professor S.N.Ahmedov;
tuman bo‘linmalari raislari;
davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda kasaba uyushma qo‘mita raislari, jumladan:
akademik S.M.Turabjonov (Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori),
iqtisod fanlari doktori, professor T.Z.Teshaboev (Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori),
filologiya fanlari nomzodi, professor G.Sh.Rixsieva (Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori),
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.S.Kamalov.
Konferensiya kun tartibidagi masalalar bosqichma-bosqich muhokama qilinib, tayyorlangan hisobotlar eshitildi. So‘zga chiqqanlar Toshkent shahar kengashining 2021–2025 yillardagi faoliyatini “qoniqarli” deb baholadilar.
Yig‘ilish davomida barcha masalalar delegatlar tomonidan ma’qullanib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Yopiq ovoz berish natijalariga ko‘ra, Toshkent shahar kengashi raisi lavozimiga Rahmonov Abduxalil Rasulovich saylandi.
Shuningdek, Toshkent shahar bo‘linmasi taftish komissiyasi raisi lavozimiga taqdim etilgan nomzodlar orasida Toshkent Iqtisodiyot universiteti kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Ahmedov Akbarali Sultonmurodovichning nomzodi ma’qullandi.
Konferensiya yakunlarida yangi saylangan organlarga kelgusidagi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab, tadbir o‘z ishini yakunladi.