16.06.2025. O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi korxonalar tasarrufidagi “Oftobjon”, “Kimyogar”, “Yosh kimyogar” va “Bo‘ston” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari yozgi mavsumni boshlab, bolajonlarni qabul qilib oldi.
Joriy yilda tarmoq tizimidagi korxonalarga tegishli barcha oromgohlarda yozgi mavsumga tayyorgarlik doirasida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bolalarning xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlash maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rildi.
Mavsum davomida bolalarni sog‘lomlashtirish va ularning mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida oromgohlar uchun maxsus 12 kunlik dastur ishlab chiqildi. Ushbu dastur doirasida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida oromgohning ochilish marosimi, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini targ‘ib etuvchi rasmlar, she’rlar va qo‘shiqlar tanlovi, “Yangi O‘zbekistonda – mening oromgohim” mavzusidagi videoroliklar tanlovi, “Milliy sport o‘yinlari” musobaqalari, “Milliy liboslar” ko‘rgazmalari, viloyatlar milliy raqslari namoyishlari, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Ona tabiatni asraylik” shiori ostidagi sahna ko‘rinishlari va bolalarni kasbga yo‘naltiruvchi “Oromgoh xazinasi” kabi interfaol o‘yinlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Malakali pedagoglar va tarbiyachilar bolalar bilan doimiy tarzda birga bo‘lib, mashg‘ulotlar o‘tkazadilar.
Har bir oromgohda sport maydonchalari, suzish havzalari va kutubxonalar faoliyat yuritmoqda va bolalar uchun xizmat qilmoqda.
Shuningdek, tarmoq tizimidagi korxonalarda mehnat qilayotgan xodimlarning farzandlarini imtiyozli ravishda oromgohlarga yuborish bo‘yicha ham chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, “Qo‘ng‘irod soda zavodi” MChJ QK kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan 30 nafar bola “Chotqol” oromgohiga, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ XK kasaba uyushmasi tomonidan esa 20 nafar bola “Quyoshli” va “Ugam” oromgohlariga yuborildi.