[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

16.06.2025. Xorazm viloyatida 410 mingdan ortiq a’zoni o‘z atrofiga jamlagan 2500 dan ziyod boshlang‘ich tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ulardan 575 tasi agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlaridir.

Ushbu tarmoq tasarrufidagi boshlang‘ich tashkilotlarda hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalar yuqori uyushqoqlik va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Ularda saylangan 575 nafar yetakchidan 116 nafari ayollar, 67 nafari esa 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Tarmoq tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasiga saylangan raislarning 71 nafariga birinchi marta ushbu vazifada ishlashi uchun ishonch bildirildi.

Boshlang‘ich tashkilot yetakchisining tashkilotchilik qobiliyati, bilimdonligi va tashabbuskorligi a’zolar manfaatlarini samarali himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu, o‘z navbatida, jamoa shartnomalarining to‘liq ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangi saylangan yetakchilar uchun Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Xorazm viloyati tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan seminarda ana shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirni tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Shavkat Safarboev olib bordi.

Seminarda Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Shavkat Javlonov so‘zga chiqib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik tarixi, so‘nggi yillardagi islohotlar, kasaba uyushma a’zolari manfaatlarini himoya qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar hamda xalqaro hamkorlik to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyat kengashi mas’ul xodimlari tomonidan boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalarining huquq va majburiyatlari, vakolatlari, jamoa shartnomalari orqali xodimlar manfaatlarini ifoda etish va himoyalash, ijtimoiy sug‘urta tizimi, sog‘lomlashtirish ishlari, xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlash, munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasidagi vazifalar xususida atroflicha tushuntirishlar berildi.

Savol-javoblar va fikr almashinuviga boy tarzda o‘tgan seminarda tajribali kasaba uyushma yetakchilari o‘z faoliyatlari haqida ma’lumot berib, amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Muhabbat To‘raboeva