[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

18.06.2025. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan 2021–2025 yillar mobaynida mehnat qonunchiligi ijrosini ta’minlash, tibbiyot xodimlarining mehnat huquqlarini himoya qilish va ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida tizimli hamda izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Hisobot davrida viloyatdagi 89 ta tibbiyot muassasasi va tashkilotda jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazilib, 11 627 nafar tibbiyot xodimining mehnat huquqlari tiklanishi ta’minlandi. Bunday tadbirlar natijasida xodimlar foydasiga 6 milliard 503 million so‘mdan ortiq kompensasiya puli undirib berildi.

Jumladan, jamoatchilik nazorati asosida 9 743 nafar tibbiyot xodimining huquqlari tiklanib, ular foydasiga 3 milliard 931 million so‘m miqdorida kompensasiya to‘landi. Shuningdek, mehnat inspeksiyasiga kelib tushgan 416 ta murojaat yuzasidan 1 671 nafar xodimning manfaati himoya qilindi va ularga 2 milliard 572 million so‘m miqdoridagi mablag‘ qaytarildi.

Bundan tashqari, sud organlariga 98 ta da’vo va buyruq tartibidagi arizalar yuborilib, 280 nafar xodimning mehnat huquqlari tiklanishi ta’minlandi hamda 568 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi.

– Mehnat huquqlarining buzilishi –  bu faqat bir xodimning emas, balki butun jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlik va ishonch muhitiga ta’sir etuvchi muhim masaladir, – deydi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyati kengashi raisi Akbarxon Mirzaxonov. – Har bir murojaat batafsil o‘rganiladi, tahlil qilinadi va huquqiy mexanizmlar orqali yechim topiladi. Jamoatchilik nazorati, kasaba uyushma mutaxassislari, mehnat inspeksiyasi va sud organlari bilan hamkorlikda minglab tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari tiklanishiga erishdik. Bosh maqsadimiz — tibbiyot sohasida mehnati bilan jamiyat farovonligiga hissa qo‘shayotgan har bir xodim o‘z huquqlarini bilsin, himoyalana olsin va mehnati munosib qadrlansin.

Hisobot davrida Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari kengashiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 609 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan 437 tasi yozma, 146 tasi og‘zaki, 12 tasi elektron tarzda, 14 tasi esa ishonch telefoni orqali qabul qilingan.

Murojaatlar yo‘nalishlariga ko‘ra, 150 tasi huquqiy himoya, 91 tasi mehnat muhofazasi, 175 tasi ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlar, 78 tasi moddiy yordam, 115 tasi boshqa masalalarga taalluqli bo‘lgan.

– Kelib tushgan murojaatlardan 383 tasi qanoatlantirildi, 221 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, 5 ta murojaat esa tegishli idoralarga yuborildi. Shuningdek, 283 holat bo‘yicha ish beruvchilarga rasmiy taqdimnomalar yuborilgan, 74 holatda esa sudga da’vo arizalari kiritilgan, – deydi Akbarxon Mirzaxonov.

Eng muhimi, sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan har bir tibbiyot xodimining mehnat huquqlari qonun doirasida himoya qilinishi, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari ta’minlanishi kasaba uyushmasining ustuvor vazifasi bo‘lib qolmoqda.

Tizimda adolat va ishonch muhitini mustahkamlash orqali tibbiy xizmat sifati oshiriladi, xodimlar salohiyati to‘liq ro‘yobga chiqadi. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.

G‘ulom Primov