19.06.2025. So‘nggi yillarda yurtimizda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari asosida xodimlarning mehnat muhofazasi va xavfsizligini ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Belgilangan vazifalarni samarali hayotga tatbiq etish maqsadida, O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ana shu loyihalar doirasidagi navbatdagi tadbir “KVARS” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib o‘tdi. Kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish, shuningdek ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalalariga bag‘ishlangan “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, Farg‘ona viloyati Kengashi vakillari hamda kasaba uyushma faollari ishtirok etdilar.