[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

20.06.2025. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining 120 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyati Kengashi tomonidan “Mening hayotimda kasaba uyushmalarining o‘rni” mavzusida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

Ushbu tadbirda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi yo‘nalishi talabalari, Federatsiyaning viloyat Kengashi xodimlari ishtirok etdilar.

Seminarni viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘aeva ochib, yangi O‘zbekistonda kasaba uyushmalari erkin va keng ko‘lamli faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani, so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasida ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilgani hamda xodimlarning mehnat huquqlari samarali himoya qilinayotgani haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, tadbirda kasaba uyushmalari tomonidan mehnatni muhofaza qilish, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish hamda jamoatchilik nazoratini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham ma’lumotlar berildi.

– Faoliyatimiz davomida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilafro‘z O‘razova. – Bu, ayniqsa, yosh avlodni kasaba uyushmalari tizimiga jalb qilish, ijtimoiy-siyosiy ko‘nikmalarini mustahkamlashda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bugungi seminar ham aynan shu maqsadda tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, yurtimizda mehnat muhofazasini tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlar yaratilgan. Ushbu hujjatlarga rioya etishda ijtimoiy sherikchilikning ahamiyati yil sayin ortib bormoqda.

Seminar doirasida mutaxassislar tomonidan xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kasb kasalliklarining oldini olish, kasallikka chalinganlarga nogironlik guruhini belgilovchi mezonlar, shuningdek mehnat layoqatini yo‘qotish darajasini baholash usullari haqida ma’lumotlar berildi.

– Bugungi tadbirda kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari va boshlang‘ich tashkilotlari aholi bandligini ta’minlash, ishdan ozod etilayotgan xodimlarni himoya qilish, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid masalalarda faol ishtirok etish huquqiga ega ekanligini bilib oldik, – dedi universitet talabasi Asadbek Yusupov. – Shuningdek, tadbirda ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlar, har ikki tomonning majburiyat va burchlari haqida ham batafsil ma’lumot oldik. Bu esa kelgusida ishga joylashganimizda, shubhasiz, foyda beradi.

Tadbir yakunida yoshlar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.