[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

25.06.2025. Yoshlar — har qanday jamiyatning tayanchi, harakatlantiruvchi kuchi va ertangi kun bunyodkoridir. Mamlakatimizda 30 iyun sanasining “Yoshlar kuni” sifatida e’lon qilinishi ham aynan shu haqiqatning amaliy ifodasidir. Prezidentimizning tashabbusi bilan joriy etilgan ushbu bayram yoshlarga bo‘lgan yuksak e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan izchil siyosat samarasidir.

Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga befarq bo‘lmagan, o‘zining bilimi, qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan faollik ko‘rsatayotgan yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi.

“30 iyun’ – Yoshlar kuni”ni munosib nishonlash, iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish va qiziqtirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, ijtimoiy-siyosiy bilimlarini mustahkamlash hamda jamoaviy ruhni yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan tarmoq tizimidagi yoshlar o‘rtasida “Biznes-kviz” intellektual o‘yini chempionatiga start berildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu chempionat bir martalik tadbir bo‘lib qolmay, 2025 yil iyun oyidan 2026 yil may oyigacha davom etuvchi yillik intellektual chempionat sifatida tashkil etilgan. Yakuniy final bosqichini “O‘zbekiston energetika haftaligi – UEW 2026” doirasida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Joriy yilning 20 iyun kuni chempionatning birinchi bosqich o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda tarmoq tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlardan tashkil topgan jami 22 ta jamoa ishtirok etdi.

Qizg‘in va murosasiz bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan birinchi bosqich natijalari quyidagicha taqsimlandi:

1-o‘rin — “LUKOIL Uzbekistan Operating Company” jamoasi;

2-o‘rin — “UzGasTrade” MChJ jamoasi;

3-o‘rin — “O‘zbekneftgaz” AJ jamoasi.

G‘olib va sovrindor jamoalar tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Chempionat yoshlarning bilim darajasini oshirish, ularni strategik fikrlashga, jamoaviy ishlashga va intellektual raqobatda faol ishtirok etishga rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu kabi tadbirlar orqali tarmoq tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik va do‘stona muhit mustahkamlanadi.

“Biznes-kviz” — bu shunchaki o‘yin emas, balki yoshlarning bilimini sinovdan o‘tkazish, rag‘batlantirish va o‘z sohasiga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirishga xizmat qiluvchi samarali vositadir. Bunday tadbirlar orqali biz nafaqat bugungi, balki ertangi kunning peshqadam mutaxassislarini tayyorlab boramiz. Zero, kelajagimiz — yoshlar qo‘lida!