04.07.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyat Kengashida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida kasaba uyushmalari tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlar hamda shahar, tuman va viloyat kengashlarining hisobot-saylov yig‘ilishlari natijalari, shuningdek IX konferensiyaga tayyorgarlik doirasida olib borilgan ishlar sarhisob qilindi.
Viloyat Kengashi raisi Nazira To‘g‘aevaning ma’lum qilishicha, fevral–aprel oylarida Navoiy viloyatidagi 1 540 ta boshlang‘ich tashkilotda hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazildi. Ularda jami 69 872 nafar xodim ishtirok etdi.
Yangi saylangan va qayta saylangan yetakchilar o‘rganilganda, ilk bor 213 nafar faolning saylangani aniqlandi, bu tizimga yangi qudrat kirib kelaëtganidan dalolat beradi.
Saylanganlarning 68,8 foizi oliy ma’lumotli, 69,8 foizi 30–50 yoshdagi, 50,8 foizi pedagog va 38,7 foizi ayollarni tashkil qildi.
May oyida sohaviy shahar, tuman va viloyat tashkilotlari hamda birlashgan qo‘mitalar o‘z hisobotlarini taqdim etdi. Mulohazalar va takliflar asosida kasaba uyushmalari faoliyatining keyingi besh yillik strategiyasi belgilandi.
Iyul oyi boshida Navoiy viloyat Kengashining IX konferensiyasi o‘tkaziladi. Unda viloyat Kengashi raisi 2020–2025 yillarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot beradi. Konferensiyada ishtirok etish uchun 100 nafar delegat saylandi, ularning 37 foizi ayol va 12 foizi yoshlardir. Viloyat Kengashi oldida turgan muhim vazifalardan biri — hisobot-saylov davrida bildirilgan taklif va mulohazalarni tizimlashtirish hamda ular asosida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat.
Mamlakatimizda har bir korxona va muassasada kasaba uyushmasi tashkiloti bo‘lishi shart va rahbarlar ushbu tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilishi zarur hisoblanadi. Faqat shunda mehnat qonunchiligi buzilishining oldi olinib, ijtimoiy adolat ta’minlanadi. Bu jarayonda ijtimoiy muloqot muhim mexanizm hisoblanadi.
Matbuot anjumani davomida zamonaviy tendensiyalar asosida tuziladigan jamoaviy shartnomalar masalasi ham ko‘tarildi.