10.07.2025. Joriy yilning 7 iyul’ kuni Navoiy shahridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashining IX hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada viloyat hokimi, senator Normat Tursunov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev va Federatsiyaning tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Jahongir Ixtiyarov, shuningdek viloyatdagi korxona va tashkilot rahbarlari, boshlang‘ich kasaba uyushmalari raislari, delegatlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Dastlab Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etish va mamlakatimizni dunyoga tanitish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va tub o‘zgarishlarga to‘xtalib, kasaba uyushmalarining bu jarayonlardagi o‘rni alohida ekanligini ta’kidladi.
Tadbirda so‘z olgan hamkor tashkilotlar vakillari kasaba uyushmalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik, amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar. Delegatlar kengashning o‘tgan davrdagi faoliyatini qoniqarli deb baholashdi.
Saylov jarayoni yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati kengashi raisi, uning o‘rinbosari, taftish komissiyasi raisi va a’zolari hamda IX Qurultoy delegatlari saylandi. Natijalarga ko‘ra, Nazira Tog‘aeva kengash raisi etib, Xurshid Xalilov esa rais o‘rinbosari etib saylandi.