[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

18.07.2025. Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyatida barpo etilgan “Bo‘ston Rezort” pansionati foydalanishga topshirildi

Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan inson qadrini ulug‘lash va xalq turmushi farovonligini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar izchillik bilan davom etmoqda. Bu boradagi xayrli va ezgu ishlarga  munosib hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash bilan birga xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish ishlari sifatini oshirish uchun tizimdagi sanatoriylarning moddiy-texnik negizini mustahkamlash bilan birga yangi zamonaviy  sihatgohlarni barpo etmoqda. Bugungi kunda Federatsiyasi tizimida 30 dan ortiq sanatoriy faoliyat ko‘rsatmoqda. Endilikda ana shunday maskanlar soni yana bittaga ko‘paydi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan Shzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyatida jahon standartlari darajasidagi zamonaviy “Bo‘ston Rezort” pansionati barpo etilib, foydalanishga topshirildi.

Purviqor Tyan’shan va Ola-tov tog‘lari orasida joylashgan va dunyodagi eng yirik tog‘ ko‘llaridan biri hisoblangan Issiqko‘l Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridan 278 km janubiy sharqda, dengiz satxidan 1610 metr balandlikda joylashgan. Havo xarorati yoz oylarida o‘rtacha 23 daraja issiq, qish faslida esa maksimal minus 10 daraja atrofida bo‘ladi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mo‘’jizaviy ko‘lning janubiy qirg‘og‘ida jahon satandartlari talablari darajasida barpo etilayotgan zamonaviy dam olish va sog‘lomlashtirish majmuasining dastlabki bosqichi sifatida foydalanishga topshirilgan “Bo‘ston Rezort” pansionatining foydalanishga  topshirilishi tom ma’noda katta tarixiy voqea bo‘ldi.

Qariyb yarim asr davomida qarovsiz qolib ketgan joyda amalga oshirilgan mazkur loyihaning dastlabki bosqichida qisqa muddatda ikkita 3 qavatdan iborat 200 o‘rinli zamonaviy  dam olish maskani, 250 o‘rinli restoran, 54×36 metr o‘lchamdagi ochiq suzish havzasi, voleybol, futbol va bolalar maydonchalari barpo etildi. Shuningdek, tashqi trenajyor hududi, uzunligi 500 metrli plyaj tashkil qilindi. Barcha bino va inshootlarga, lyuks va standart xonalarga ega mehmonxonaga so‘nggi rusumdagi qattiq va yumshoq mebellar hamda jihozlar o‘rnatildi.

Qurilish ishlari jarayonida mayda detallardan tortib, yirik jihatlargacha alohida e’tibor qaratildi. Bajarilayotgan ishlarning sifati qayta-qayta ko‘zdan kechirilib, barpo etilayotgan inshootlarning dam oluvchilar uchun har tomonlama qulay bo‘lishi, ular uchun yuqori sifatli sharoitlar yaratilishi masalasi doimiy diqqat markazida bo‘ldi.

Natijada dam oluvchilar uchun yuqori qulaylikka va komfortga ega bo‘lgan sharoitlar yaratildi. Xususan, barcha jihatlar e’tiborga olingan holda barpo etilgan plyaj hududida shu vaqtgacha ushbu hududdagi dam olish maskanlarida qo‘llanilmagan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy sohil atributlaridan foydalanildi. Jumladan, sohil bo‘yidagi hordiq o‘rindiqlari tagiga suvga chidamli maxsus taxta yo‘laklar, cho‘miluvchilar uchun shinam dam olish ayvonchalarilari hamda horij texnologiyasi asosida qo‘yoshdan nur olib suvni isituvchi  suv purkagichlar  o‘rnatildi. Ko‘lning go‘zalligidan bahra olish uchun suv sathiga katta o‘lchamdagi priston o‘rnatildi va ko‘l bo‘ylab sayohat uchun katerlar xizmati tashkil etildi. Tabiatga zarar yetkazmaslik maqsadida tashqi oqova suvlarni tozalash inshooti majmuadan 500 metr uzoqlikda qurildi. Yon-atrofda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, archa va turli daraxt hamda gul ko‘chatlari o‘tkazildi.

Eng zamonaviy va me’moriy yechimlar asosida barpo etilgan mazkur zamonaviy hordiq maskanining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, hamkor va jamoat tashkilotlari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, xalqimiz ardog‘idagi yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat namoyondalari, tarmoq va hududiy kasaba uyushmalari mutasaddilari va faollari, O‘zbekiston va Qirg‘izistonlik mehnat faxriylari, nuroniylar  ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov so‘zga chiqib, O‘zbekiston bilan Qirg‘iz Respublikasi qardosh davlatlar ekanligi, azaldan ikki xalqni boy do‘stona qadriyatlari, tili va dini, tarixi, urf-odat va an’analari, madaniyati bog‘lab turishi, so‘nggi yillarda ikki Davlat Rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli o‘zaro aloqalar mohiyatan yangicha shakl va mazmun kasb etib, yaqin qo‘shnichilik aloqalari rivoj topib borayotganini alohida ta’kidladi. Xususan, 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi Prezidentlari tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga, keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi tarixiy Deklaratsiya imzolangani qayd etildi. “Bo‘ston Resort” pansionatining barpo etilishi ham ikki davlat Rahbarlarining so‘nggi yillarda olib borayotgan faol, o‘zaro ishonchga asoslangan tashqi siyosati, qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhidagi sa’y-harakatlarining amaldagi natijasi ekanligi e’tirof etildi.

Mo‘’tadil iqlimga ega Issiqko‘l kurort rekreasion zonasida Prezidentimiz tashabbuslari bilan Mustaqilligimizning 34 yilligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi oldidan xalqimizga munosib bayram tuhfasi sifatida topshirilgan “Bo‘ston Resort” pansionati nafaqat mintaqa turizmini yanada rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga hamda ikki mamlakat xalqlarining yanada jipslashuviga ham xizmat qiladi. Tantanali tadbirda “Bo‘ston Rezort” pansionati mutasaddilariga yangi dam olish majmuasining ramziy kaliti topshirildi.

Navbatdagi bosqichda pansionat hududida gastroentorologiya, kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya, urologiya, tayanch-harakat tizimi hamda nafas yo‘llari kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan va jahon standartlari talablariga to‘liq javob beruvchi yangi zamonaviy sanatoriyni barpo etish ishlari ham boshlab yuborilgan. Shu maqsadda 200 o‘ringa mo‘ljallangan 7 qavatli bino qayta rekonstruksiya qilinadi va jismoniy hamda suv bilan davolash bo‘limlari, 200 o‘rinli restoran, katta ochiq suzish havzasi barpo etiladi. Yana bir muhim jihat – barpo etilishi rejalashtirilgan ushbu sanatoriy yozda ham, qish mavsumida ham birdek faoliyat yuritadi.

Foydalanishga topshirilgan “Bo‘ston Rezort” pansionati va barpo etilayotgan yangi sanatoriy majmuasida yiliga 5000 nafarga yaqin kishini dam oldirish va sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratiladi. Ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan mazkur loyihaning navbatdagi bosqichi ishga tushirilgach hududda yana ko‘plab yangi ish o‘rinlari va yuqori rentabelli raqobatbardosh turizm industriyasi yaratiladi.

“Bo‘ston Rezort” pansionati o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining mustahkam do‘stligi, hamkorligi va taraqqiyotining yana bir yorqin timsoliga aylandi. Ikki mamlakat Prezidentlarining bunyodkor sa’y-harakatlari bilan boshlangan va ikki qardosh xalqning ezgu maqsadlarini o‘zida mujassam etgan ushbu loyiha mamlakatlarimiz va mintaqamizning umumiy kelajagi uchun xizmat qiladi.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari