27.07.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mamlakatimiz kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda 30 iyul’ – Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan “Do‘stlik” festivali o‘tkazildi.
Ma’lumki, Yangi O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida barcha sohalarda olib borilayotgan tub islohotlar zamirida, ko‘p millatli xalqimiz, shuningdek, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik muhitini saqlash va xorijiy davlatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish masalalari muhim o‘rin tutadi. Zero, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirish, tinchlikni ta’minlash, madaniy xilma-xillikni asrab-avaylash va qo‘llab-quvvatlash borasida davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar jamiyatlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Natijada, tili, dini, urf-odatlari turlicha bo‘lgan, qalblari ezgu niyatlarga yo‘g‘rilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda turkiy tilli davlatlar xalqlari o‘rtasida do‘stlik munosabatlari so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi.
Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishlardagi ishlarga munosib hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan bir qator loyiha va aksiyalar amalga oshirilmoqda. Federatsiya tomonidan tashkil etilgan “Do‘stlik” festivali ham ana shunday ezgu tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Festivalda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston davlatlari kasaba uyushmalari tashkilotlari mutasaddilari, badiiy jamoalar, O‘zbekistondagi turli davlatlarning milliy madaniy markazlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.
Qo‘shaloq bayramlar — 30 iyul’ Xalqlar do‘stligi kuni, Mustaqilligimizning 34 yilligi va kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu festivalning maqsadi – qardosh xalqlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ularning madaniyati va san’ati uyg‘unligini namoyon etish, san’at orqali tinchlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashdir.
Festival ishtirokchilari O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida milliy orkestr ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar bilan kutib olindi. So‘ng mehmonlar foyeda tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdilar. Qirg‘iz madaniyati kunlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozisiya festivalga yanada ko‘rk bag‘ishladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq 30 iyul’ Xalqaro do‘stlik kuni sifatida nishonlanadi. Federatsiya tomonidan tashkil etilgan festival ham do‘stlik va o‘zaro hurmat ramzi bo‘ldi.
Alohida e’tirof etish kerakki, O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va 16 ta konfessiya vakillari tinch va hamjihat hayot kechirmoqda. Bugungi kunda kasaba uyushmalari saflariga 7,5 milliondan ziyod turli millat vakillari birlashgan. Ular o‘rtasida do‘stlik, birodarlik va hamjihatlik muhiti hukm surmoqda. Federatsiya Milliy madaniy markazlar va Do‘stlik uylari bilan hamkorlikda madaniy muloqotni rivojlantirmoqda. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda mehnat huquqlarini himoya qilish, munosib sharoit yaratish va malaka oshirish maqsadida qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Turkiy tilli davlatlar, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan muntazam uchrashuvlar va tajriba almashinuvlari o‘tkazilmoqda. Natijada, Federatsiya tashabbusi bilan Markaziy Osiyo kasaba uyushmalari kengashi hamda Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkiloti tuzildi.
Festival ishtirokchilari, jumladan xorijiy mehmonlar, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan tinchlik va hamkorlik yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar. Ular Toshkent shahri — do‘stlik markazi, Ipak yo‘li qalbi ekanini alohida ta’kidladilar.
Festival doirasidagi konsertda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekistondan tashrif buyurgan jamoalar san’at namunasi bilan ishtirok etdilar. Sharq musiqiy merosi, qo‘shiq va raqs guldastalari, xususan, mug‘om, qobiz, va boshqa milliy ijrolar namoyish etildi. Tantanani o‘zbek san’ati ustalarining gala-konserti yakunladi.
Festival yakunida ishtirokchi jamoalarga diplomlar, statuetkalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati