28.07.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi tomonidan tizimli ravishda madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etilmoqda.
Shu jumladan, joriy yilning 28 iyul’ kuni viloyat kengashi tizimidagi tarmoq kasaba uyushmalari hamda kasaba uyushmalari tarkibidagi tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan xodimlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
“Zakovat” intellektual o‘yinining ochilish tadbirida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi raisi S. Rafiqov ishtirok etib, ishtirokchilarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik tarixi haqida qisqacha ma’lumot berib, barcha jamoa ishtirokchilariga omad tiladi.
“Zakovat” intellektual o‘yinida viloyat kengashi tizimidagi tarmoq kasaba uyushmalari hamda kasaba uyushmalari tarkibidagi tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan xodimlardan iborat 8 ta jamoa o‘zaro bellashdi.
O‘tkazilgan bellashuvda savollar asosan mehnat qonunchiligi, kasaba uyushmalari faoliyati, umumiy madaniyat, tarix hamda o‘zbek va jahon adabiyotiga oid bo‘lib, intellektual o‘yin qizg‘in va kurashlarga boy tarzda o‘tdi.
Ushbu tadbir orqali kasaba uyushmalari faollari nafaqat o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar, balki o‘zaro tajriba almashish, do‘stona muhitda mustahkam aloqalar o‘rnatish imkoniga ham ega bo‘ldilar.
Qiziqarli va hayajonlarga boy bo‘lgan intellektual o‘yinda 1-o‘rin Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining “Pedagog” jamoasiga, 2-o‘rin Metallurgiya va mashinasozlik sanoati sohalari xodimlari kasaba uyushmasining “Avtomobilchilar” jamoasiga, 3-o‘rin esa Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasining “Tadbirkorlar” jamoasiga nasib etdi.
G‘olib jamoalar kasaba uyushmalari tomonidan esdalik sovg‘alari hamda diplomlar bilan taqdirlandilar.