13.08.2025. Farg‘ona viloyati hokimligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonlik 52 nafar o‘g‘il-qiz Farg‘ona viloyatining maftunkor tabiat bag‘rida joylashgan “Tong” bolalar oromgohiga hordiq chiqarish uchun taklif etildi. Bugun ular katta tantana bilan Farg‘onada kutib olindi.
So‘lim va bahavo go‘shada joylashgan oromgohda Orolbo‘yidan kelgan bolalarning maroqli dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
— Bolalar mazmunli hordiq chiqarishlari uchun puxta tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, mavsum davomida turli davra suhbatlari, qiziqarli uchrashuvlar, intellektual o‘yinlar, viktorinalar hamda sport musobaqalari o‘tkaziladi, — deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Abror Otaboev. — O‘ylaymizki, Qoraqalpog‘istonlik o‘g‘il-qizlar “Tong”dan unutilmas taassurotlar bilan qaytishadi.
— Oromgoh menga juda yoqdi. Hamma joy salqin, yam-yashil ekan, — deydi Bo‘zatovlik Bayrambek Qazaxbaev. — Endi bu yerda tengdoshlarim bilan mazza qilib o‘ynaymiz.
— Bu yer men o‘ylaganimdan ham chiroyli ekan. Ayniqsa, manzarasini ko‘rib lol qoldim, — deydi yana bir Bo‘zatov tumanidan kelgan Ulzada Sarsenbaeva.
— Yozgi ta’tilni Farg‘onaning so‘lim go‘shasida o‘tkazishimdan xursandman, — deydi Hurliman Eshmuratova. — Ilk kundanoq taassurotlarimiz bir olam bo‘ldi.
“Tong”da hordiq chiqarayotgan bolalarning bilim va mahoratlarini oshirish uchun futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol, rasm, raqs, adabiyotshunoslik, rus va ingliz tillari kabi to‘garaklar tashkil etilgan.
Shu bilan birga, maskanda qiziqarli madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkaziladi. Taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar, turli tanlovlar va diqqatga sazovor joylarga sayohatlar tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi