14.08.2025. Joriy yil kasaba uyushmalari harakati uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, 2025 yilda uning 120 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan maxsus chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga muvofiq, kasaba uyushmalarining barcha darajadagi tashkilotlarida “Kasaba uyushmalari haftaligi” yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbirlarda jamoatchilik faol jalb etildi va faoliyat yuksak ruhda o‘tdi.
Aytish joizki, aynan shu yilda kasaba uyushmalari tashkilotlarining ortda qolgan besh yillik faoliyati yakunlandi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi va kelgusi besh yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi. Hisobot-saylov yig‘ilishlarida tashkilotlarning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi ishtiroki, xodimlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, jamoa shartnomalarining ijrosi hamda kasaba uyushmalari faoliyatining boshqa muhim yo‘nalishlari atroflicha tahlil qilinib, tegishli xulosalar chiqarildi.
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh Kengashining 2024 yil 24 dekabrdagi qaroriga muvofiq, 2025 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalarida hisobot-saylov kampaniyasi boshlandi. Shu doirada joriy yilning 9 avgusti kuni Federatsiyaning “Malaka oshirish” instituti o‘quv markazida O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasining V Qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Qurultoyda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar konferensiyalarida saylangan delegatlar, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbariyati, hamkor ijtimoiy sherik tashkilotlar — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “O‘zcharmsanoat”, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “Hunarmand” uyushmalari, “O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi”, shuningdek, “Ko‘zi ojizlar” va “Karlar” jamiyatlari Markaziy boshqaruvlari, yirik kompaniyalar va tashkilotlar rahbarlari, mehnat faxriylari va mehmonlar ishtirok etdi.
Tarmoq kasaba uyushmasi faoliyati natijasida tizimdagi boshlang‘ich tashkilotlar soni 2020 yildagi 2 611 tadan 2025 yilda 3 261 taga, a’zolar soni esa 274 795 tadan 602 086 nafargacha ko‘paydi. Shunday qilib, besh yil mobaynida a’zolar soni qariyb ikki barobarga ortdi.
Hisobot davrida kasaba uyushmasi faoliyati hududiy tashkilotlarning boshqaruv samaradorligini oshirish, resurslarni markazlashtirish va tizimni zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratildi. Shu maqsadda hududiy birlashgan qo‘mitalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi, ularning moliyaviy barqarorligi ta’minlandi va kadrlar salohiyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
V Qurultoyda 2021–2025 yillardagi faoliyat sarhisob qilindi, Taftish komissiyasi hisoboti eshitildi va ushbu masalalar yuzasidan delegatlar Respublika Kengashi faoliyatini qoniqarli deb baholadilar. Shuningdek, Ustavga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar qabul qilinib, 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiya ma’qullandi.
Strategiyada Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi talablari, gender audit o‘tkazish, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan tashkilotlarni hisobga qo‘yish, jamoa shartnomalarini va ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, mehnat muhofazasi va nazoratini kuchaytirish, a’zolar safini kengaytirish, ayollar va yoshlar uchun maxsus tashabbuslar joriy etish, xususiy sektorda mehnat huquqlarini kafolatlash, fuqarolarni sog‘lomlashtirish va samarali dam olishini tashkil etish, xalqaro tajriba hamda norma ijodkorligida faol ishtirok etish belgilangan.
Anjumanda qator tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari Respublika Kengashi rahbariyati, Taftish komissiyasi yangi tarkibi, ijrochi organlar a’zolari, Federatsiya Bosh Kengashiga vakillar hamda Federatsiyaning IX Qurultoyiga delegatlar saylandi.