[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

14.08.2025. O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasining IV- Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda belgilangan vakillik me’yoriga muvofiq saylangan 70 nafar delegat, shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi, “Birinchi rezinotexnika zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi rahbar va mutasaddilari hamda tarmoq kasaba uyushmasi taftish komissiyasi a’zolari ishtirok etdilar. Shundan so‘ng kun tartibidagi birinchi masala bo‘yicha O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining 2020 yil avgustdan 2025 yil avgustgacha bo‘lgan davrdagi faoliyati to‘g‘risida hisobot berildi.

O‘tgan besh yillik faoliyatga doir xisobotda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda har bir sohada inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli tub islohotlar amalga oshirilmokda. Bu borada erishilayotgan ijobiy natijalar esa keng jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari mazkur jarayonlarda faol ishtirok etgan holda, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat huquqlarini himoyalash yo‘nalishida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Buning natijasida faoliyat samaradorligi oshib, mamlakatimiz miqyosida kasaba uyushmasi a’zolari soni sezilarli darajada ortdi. Xususan, 2020 yilda ularning soni 5 mln. nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib – 7,5 mln.nafarga yaqin, deya e’tirof etilmokda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2021 yilda 11-noyabr’ – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida: “…Har qaysi korxona yoki tashkilotda albatta kasaba uyushmasi faoliyat ko‘rsatishi va rahbarlar albatta ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi shart. Shundagina jamiyatimizda mehnat qonunchiligi buzilishi holatlarining oldi olinadi, hayotimizda ijtimoiy adolat yanada mustahkam qaror topadi”, deya alohida ta’kidlaganlar. Bundan kelib chiqqan holda bugungi kunda O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tarmoq tizimidagi barcha korxona va tashkilotlarni kasaba uyushmasi xizmati bilan qamrab olish borasida keng qamrovli ishlarni amalga oshirdi. Buning natijasida kasaba uyushma qo‘mitasi tuzilgan va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi xuquqlari himoyasi ta’minlanayotgan mehnat jamoalarining qamrovi yanada kengayib bormokda, shu jumladan nodavlat sektorida xam. Natijada o‘tgan hisobot davrida O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasiga a’zo tashkilotlar soni 38,8 % oshdi. Ya’ni, nodavlat sektoridagi 270 ta korxona va tashkilotda kasaba ushmasi qo‘mitalari tuzildi. Agar tarmoq kasaba uyushmasi a’zolari soni 2020 yilda 60 270 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda ushbu ko‘rsatgich 70 ming nafardan oshib ketdi (70 135).

Bundan tashkari, tarmoq va korxonalar darajasida ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy muloqot mustahkamlanib, jamoa-shartnomaviy munosabatlar rivojlantirildi. Tarmoq jamoa kelishuvlari va shartnomalarining milliy qonunchilik talablari va xalqaro mehnat standartlarini inobatga olgan holda tuzilishi ta’minlandi. Ularga qonunchilikda belgilanganidan tashqari qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar kiritildi, sifati va ta’sirchanligini oshirish hamda moslanuvchanligini ta’minlash natijasida yil davomida jamoa shartnomalari orqali har bir xodimga ish haqidan tashqari sarflangan mablag‘ miqdori hisobot davrida qariyb 2 baravarga oshishiga erishildi. Xususan, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 7 mln. 921 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 14 mln. 851 ming so‘mga yetkazildi.

Yana bir muhim jihat kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasida tuzilgan jamoa shartnomalari va kelishuvlari asosida tarmoq tizimidagi xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi izchil ravishda oshirib borilganligi bilan boglik. Xususan, 2020 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 2 mln. 637 ming 500 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 7 mln. 100 ming so‘mga yetkazilib, 2023 yilga nisbatan 16,8 foizga o‘sish ta’minlandi. Ish xaqining o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash va qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik borasida jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yildi.

Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashiga kelib tushgan 171 ta murojaatning barchasi amaldagi qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqilib, xodimlarning haq-huquqlari tiklandi. Tizimdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitlari yuzasidan 147 ta nazorat-profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. O‘tgan davr ichida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 616 nafar yosh oila vakillariga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni harid kilish uchun jami 6 mlrd. 740 mln. 200 ming so‘m foizsiz ssuda ajratildi.  Yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash, maqsadida tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi stipendiyasi ta’sis etildi. Shuningdek, o‘tgan hisobot davrida 2 ming 264 nafar ishchi-xodimni sanatoriy va dam olish uylariga yo‘llanmalar bilan ta’minlash uchun 9 mlrd. 185 mln. so‘m mablag‘ sarflandi. Yozgi bolalar oromgohlarida mehnatkashlarning 23 ming 780 nafar farzandlari sog‘lomlashtirildi.

Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amalda tatbiq etish maqsadida qator xorijiy turdosh kasaba uyushmalari bilan samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Qurultoy delegatlari O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining o‘tgan hisobot davridagi faoliyatini qoniqarli baholadilar. Shuningdek, taftish komissiyasi hisoboti xam tinglanib, tasdiklandi. Shundan sung, muqobillik asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan bo‘lib o‘tgan saylovda nomzodlar orasida eng ko‘p ovoz olgan Nigora Alimjonova O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi etib saylandi.

Qurultoyda O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi va taftish komissiyasi tarkibi, Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, taftish komissiyasi raisi,  shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyiga delegatlar, Federatsiya Bosh kengashi tarkibiga vakillar ham saylab olindi.

Anjumanda horijiy davlatlarning turdosh kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan Qurultoy va uning delegatlariga yo‘llangan videotabriklar ham yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.

Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar kabul kilinib, kelgusidagi faoliyat bilan boglik dolzarb vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati