26.08.2025. Barchamizga ma’lumki, kasaba uyushmalari – bugungi kunda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda jamiyatda ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalarini ilgari surish kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan respublika miqyosida keng ko‘lamli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Energetika, neft’-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi ham mazkur jarayonlarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, “Kasaba uyushmalari haftaligi” doirasida sohada mehnat qilayotgan 57 ming nafardan ziyod ishchi-xodimlar ishtirokida 67 ta korxona va tashkilotda uchrashuvlar, 78 ta korxonada davra suhbatlari, 93 ta korxona va tashkilotda sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, keng jamoatchilikka Prezidentimiz tashabbuslari bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, kasaba uyushmalari faoliyati va ustuvor vazifalari to‘g‘risida ma’lumotlar yetkazildi.
Bundan tashqari, haftalik doirasida “O‘ztransgaz” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan “Ugam” oromgohida xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol sport musobaqasi, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan tizimdagi tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Quvnoqlar va Zukkolar” bellashuvi, “O‘zbekneftgaz” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida tashkil etilgan sayohatlar mehnatkashlarda katta ta’surot qoldirdi.
Mazkur tadbirlar mehnatkashlar o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, yoshlar va xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga munosib hissa qo‘shdi.
F. Boboqulova
Energetika, neft’-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi