[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

10.09.2025. Toshkentda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK) hamkorligida tashkil etilgan «Xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda kasaba uyushmalarining roli: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning birinchi kuni bugun yakunlandi.

Xalqaro anjumanning birinchi yalpi majlisini O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.

Konferensiya ishida XMT, XKUK, XKUK Umumevropa mintaqaviy kengashi mutasaddilari, 30 ga yaqin mamlakatdan nufuzli xalqaro ekspertlar va yirik olimlar, O‘zbekistonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek Albaniya, Armaniston, Bolgariya, Braziliya, Gruziya, Janubiy Afrika Respublikasi, Zambiya, Koreya, Keniya, Latviya, Litva, Mongoliya, Moldova, Nigeriya, Ozarbayjon, Somali, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Quvayt kabi mamlakatlar kasaba uyushma markazlari rahbarlari ishtirok etdilar. Anjumanda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti a’zolari, Hukumat vakillari, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 60 dan ortiq vakillari hamda ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklari jurnalistlari qatnashdilar.

Keng qamrovli mazkur anjumanning asosiy maqsadi — Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «O‘zbekiston–2030» Strategiyasi doirasida yurtimizda izchil tatbiq etilayotgan yangicha ijtimoiy siyosatning mazmun-mohiyati va natijalarini jahon hamjamiyatiga yetkazish, shuningdek xalqaro mehnat standartlarini yanada ilgari surish borasida tajriba almashish va kasaba uyushmalarining sa’y-harakatlarini birlashtirishdir.

Ta’kidlash joizki, mazkur xalqaro konferensiya xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish masalalari bo‘yicha taklif va fikrlarni konstruktiv muhokama qilish uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qildi. Anjuman formati O‘zbekistonning ochiqligi, xalqaro va xorijiy tajribani o‘rganish hamda amaliyotga joriy etishga tayyorligini namoyon etdi.

Xalqaro anjumanda Qudratilla Rafikov Markaziy Osiyo mintaqasida yangi tamoyillar kuchayib borayotgani, ko‘p yillik muammolarni hal etish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, aholining barcha qatlamlari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun imkoniyatlar ochilayotganini ta’kidladi.

— Xalqaro ilmiy-amaliy konferensamizning ahamiyatini nafaqat mavzu, balki global voqelik ham belgilaydi, — dedi Qudratilla Rafikov. — Biz mehnat qonunchiligi va standartlarinigina muhokama qilmaymiz. Biz har kuni oilasini boqish va farzandlarining munosib kelajagini ta’minlash uchun ishga boradigan insonlar taqdiri haqida gapiramiz. Shu bois ham anjumanimizning mavzusi global ahamiyatga ega.

Qayd etilganidek, mehnat sohasining kelajagi ijtimoiy adolat, tenglik va ishtiroki tamoyillariga asoslanib shakllanishi zarur.

Bugun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Yangi O‘zbekiston sharoitida — dunyoga ochiq, islohotlarga va xalqaro jarayonlarga integratsiyalashuvga intilayotgan mamlakatda — faoliyat ko‘rsatmoqda. Yangi O‘zbekiston qurilishi «Inson sha’ni va qadr-qimmati, uning baxti uchun» tamoyiliga asoslangan. Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakat jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashib, dinamik aloqalarni rivojlantirmoqda va xalqaro bozorlarga chiqmoqda. Integratsiya — faqat sarmoya va savdogina emas, balki yuksak mas’uliyat hamdir.

Paxta sanoati misolida ta’kidlandiki, Prezidentning qat’iy siyosiy irodasi tufayli tarmoq tubdan yangicha shakl kasb etdi: bir paytlar O‘zbekistonga faqat xomashyo bazasi sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun asosiy vazifa — butun ta’minot zanjiri shaffofligini ta’minlash (daladan tortib Yevropa do‘konlaridagi peshtaxtalargacha). Zanjirning har bir bo‘g‘ini xalqaro standartlarga mos kelishi shart. Bu shunchaki talab emas — mamlakatga bo‘lgan ishonch va obro‘ kafolatidir.

Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 foizdan yuqori barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. So‘nggi to‘qqiz yilda yalpi ichki mahsulot ikki barobarga oshib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetdi, eksport hajmi esa 26 milliard dollarni tashkil etdi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan «Inson manfaatlari barcha narsadan ustun» tamoyili hayotga tatbiq etilmoqda, aholi farovonligini izchil oshirishga qaratilgan maqsadli dasturlar amalga oshirilmoqda. Yangi ijtimoiy himoya modeli yaratildi: ehtiyojmand aholi bilan individual ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi, 110 turdagi yordam va xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Natijada kambag‘allik darajasi 6,8 foizga pasaydi. Yangi O‘zbekiston — huquqiy davlat, unda inson huquq va erkinliklari, manfaatlari va qadr-qimmati ustuvor.

Anjuman ishtirokchilari ta’kidlashlaricha, O‘zbekistondagi islohotlar mamlakatning yangi tarixini boshlab berdi: ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa yo‘nalishlardagi yangilanishlar dunyo hamjamiyati bilan to‘liq integratsiyaga xizmat qilmoqda. Xususan, XMT bilan yaqin hamkorlikda qisqa vaqt ichida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi, kambag‘allik keskin qisqardi, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish tartibi soddalashtirildi, ta’lim, tibbiyot va madaniyat xodimlari hamda byudjetdan moliyalashadigan boshqa tarmoqlar xodimlariga mehnat haqi to‘lash shartlari takomillashtirildi.

Yangi O‘zbekistonning har tomonlama rivojlanishida kasaba uyushmalari faol ishtirok etmoqda. Ular Hukumat va ish beruvchilar bilan birgalikda ijtimoiy muloqotning asosiy ishtirokchilariga aylandi. Bu teng huquqli muloqot barqarorlik, manfaatlar mutanosibligi va millionlab fuqarolar hayotini yaxshilashning asosidir.

Anjumanda, shuningdek, bu yil O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakatiga 120 yil to‘lishi qayd etildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi 14 ta tarmoq va barcha hududlardagi 7 milliondan ortiq mehnatkashni birlashtirgan yirik jamoat tashkilotidir. Ijtimoiy sheriklik asosida Hukumat, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida Bosh jamoa kelishuvi, mamlakat miqyosida 100 dan ortiq tarmoq va 14 ta hududiy jamoa kelishuvlari, korxonalarda esa 130 mingga yaqin jamoa shartnomalari tuzilgan va amal qilmoqda. Tizimda kasaba uyushmalari inspeksiyasi, yuridik xizmat va mehnatni muhofaza qilish xizmati samarali ishlamoqda. Yoshlar, xotin-qizlar va faxriylar kengashlari faoliyat yuritmoqda. Mehnatkashlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida keng ko‘lamli sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Birgina 2024 yilning o‘zida kasaba uyushmalari inspeksiyasi tomonidan fuqarolarning 6 mingdan ortiq murojaatlari ko‘rib chiqilib, 106 mingdan ortiq mehnatkashning huquqlari tiklandi va ular foydasiga 108 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi.

Joriy yilda tizimda o‘tkazilgan hisobot-saylov kampaniyasi kasaba uyushmalarining hamjihatligi, demokratiya, kollegiallik va fikrlar xilma-xilligiga sodiqligini namoyon etdi. Barcha darajadagi organlar rahbarlari va o‘rinbosarlari muqobillik asosida, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi. Yakunlarga ko‘ra, boshlang‘ich tashkilotlar rahbarlarining 20 foizi, tarmoq birlashgan qo‘mitalari va hududiy bo‘linmalar rahbarlarining 36 foizi yangilandi.

Anjumanda globallashuv, raqamlashtirish, geosiyosiy keskinlik va jahon savdosidagi uzilishlar sharoitida norasmiy va nostandart bandlik o‘sishi mehnat bozori deformasiyasi, iqtisodiy beqarorlik va ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirayotgani ta’kidlandi. Bu esa inson huquqlarini himoya qilish, munosib mehnatni ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro mehnat standartlarini samarali joriy etish zarurligini yanada oshirmoqda. Kasaba uyushmalari mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, muzokaralar yuritish, qonun ijodkorligida ishtirok etish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali adolatli mehnat munosabatlarini shakllantirishga muhim hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birga, aholi bandligini kengaytirish bo‘yicha yutuqlarga qaramay, dunyo aholisining katta qismi samarali ijtimoiy-iqtisodiy siyosat imtiyozlaridan to‘liq foydalana olmayotgani qayd etildi.

Qayd etilganidek, raqamlashtirish va sun’iy intellekt millionlab ish o‘rinlari taqdirini belgilamoqda: dunyo bo‘ylab deyarli har to‘rtinchi ishchi kasbiy o‘zgarishga duch kelishi mumkin. XKUKning mehnatkashlar huquqlari bo‘yicha Global indeksiga ko‘ra, dunyoning besh hududidan uchtasida vaziyat yomonlashgan.

Mavjud sharoit kasaba uyushmalaridan iqtisodiy o‘sish natijalarini mehnat va kapital o‘rtasida adolatli taqsimlanishini ta’minlash uchun bandlik, ish vaqti va ijtimoiy himoya masalalariga jiddiy e’tibor qaratishni talab etmoqda.

Ishtirokchilar O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashayotgani, xalqaro bozorlarga chiqishi jadallashayotganini ta’kidladilar. So‘nggi sakkiz yilda YaIM barqaror o‘sib bordi. Bu natijalar Prezident Shavkat Mirziyoevning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy sanoat majmualarini barpo etish, «yashil» va innovasion iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, axborot texnologiyalari, turizm va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan siyosatining samarasidir. Qurilish, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, elektrotexnika, mashinasozlik va farmasevtika sohalarida ham katta o‘zgarishlar kuzatildi. Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyasiga ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli oshdi.

O‘zbekiston XMTning 25 ta konvensiyasini, shu jumladan barcha fundamental va ustuvor konvensiyalarni ratifikasiya qilgan. Mustaqillikning dastlabki 25 yilida 13 ta konvensiya, so‘nggi sakkiz yilda esa 12 ta konvensiya va 1 ta protokol ratifikasiya qilindi. Yangilangan Konstitusiyada bolalar mehnati va majburiy mehnatni ta’qiqlash, kamsitmaslik, teng qiymatdagi mehnatga teng haq, xavfsiz mehnat sharoitlari, yillik haq to‘lanadigan ta’til va pensiya ta’minoti huquqlari kabi qadriyatlar mustahkamlandi. «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida», «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida», «Aholi bandligi to‘g‘risida», «Ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi. Ratifikasiya qilingan va qilinmagan konvensiyalar me’yorlarini ham qamrab olgan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilindi.

Xalqaro anjuman davomida milliy va xalqaro ekspertlar xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish, inson manfaatlari va yashash-mehnat qilish huquqlarini ta’minlashda kasaba uyushmalarining bevosita ishtiroki, bandlik darajasini oshirish, ijtimoiy himoya va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tamoyillari bo‘yicha fikr va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Xususan, 1-sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbaeva «XMT konvensiyalarining O‘zbekiston milliy huquqiy tizimiga implementasiya qilinishi: amaldagi holat va istiqbollar» mavzusida ma’ruza qildi. Xalqaro tashkilotlar mutasaddilari «XMT siyosatini ishlab chiqish va faoliyatida kasaba uyushmalari muammo va manfaatlarini hisobga olishda ACTRAV faoliyati» haqida so‘z yuritdilar. 2-sessiya «Xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishning mintaqaviy va sohaviy jihatlari»ga bag‘ishlandi. 3-sessiyada xalqaro ekspert (Finlandiya) Kari Tapiola «Paxta dalalarida ishonchni mustahkamlash: XMTning O‘zbekistondagi faoliyati» mavzusida, xorijiy kasaba markazlari rahbarlari «Milliy kasaba markazlarining xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishdagi strategiya va taktikasi» mavzusida ma’ruza qildilar. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov «XMT bilan hamkorlikni rivojlantirishda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining roli» haqida so‘zladi.

Shuningdek, anjumanda ACTRAV direktori Mariya Xelena Andre va XKUK Bosh kotibi Lyuk Triangl tomonidan yo‘llangan videomurojaatlar namoyish etildi.

Ishtirokchilar O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlar har kuni va har qadamda namoyon bo‘layotganini, islohotlar barcha jabha va sohalarni qamrab olayotganini ta’kidladilar. Bu yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar puxta o‘ylangan davlat dasturlari asosida amalga oshirilmoqda.

Yangilanishlar jarayonida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi faol ishtirok etib, mehnatkashlar manfaatlarini ta’minlash yo‘lida izchil ishlar olib bormoqda. Mazkur tadbirlar Hukumat, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida imzolangan Bosh jamoa kelishuviga kiritilgan. Tarmoq va hududiy jamoa kelishuvlari hamda jamoa shartnomalari xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu lokal hujjatlarga muvofiq kasaba uyushmalari xodimlarning real daromadlarini bosqichma-bosqich oshirish, mehnat bozorida talab yetilgan kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish, ishsiz fuqarolarni o‘qitish va qayta tayyorlash ishlarida hamkorlik qilmoqda. Federatsiya dasturiy hujjatlariga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning manfaatlarini himoyalash, yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida davlat organlari va ish beruvchilar bilan hamkorlikda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bandlikning noan’anaviy shakllarida mehnat qilayotgan shaxslar hamda ularning oilalarini ijtimoiy himoya qilish choralari ishlab chiqilmoqda va amalga oshirilmoqda.

Anjumanda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflardan kelib chiqib, ishtirokchilar ijtimoiy muloqotni kuchaytirish, xalqaro mehnat standartlarini ilgari surish, kuchli ijtimoiy himoya sohasida hamkorlikni rivojlantirish hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini muhokama etdilar.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari