17.09.2025. 2025 yil 15 sentyabr’ kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev boshchiligida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbir jamiyatimizda ilm-fan va ma’rifat sohasiga bo‘lgan e’tibor va ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari ta’lim-tarbiya sohasida fidokorona mehnat qilib kelayotgan ustoz va murabbiylarni chin qalbdan tabriklab, ularga minnatdorchilik bildirdi.
Prezidentimiz ta’lim tizimida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan fidoyi pedagoglar, tadbirkorlar va xorijiy hamkorlarni faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlagani, ularning xizmatini alohida e’tirof etgani barchamiz uchun iftixordir.
So‘nggi sakkiz yil ichida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot 2 barobarga o‘sdi, ta’lim va ilm-fan sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar 6 barobarga ko‘paydi. Bu ta’limning strategik sohalardan biri sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi. Bu esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va jamoatchilik uchun ham muhim ahamiyatga ega. Chunki mehnatkashlar, ayniqsa, ustoz va murabbiylarning mehnati munosib qadrlanayotgan jamiyatda barqaror taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikka erishish mumkin.
Muloqotda davlatimiz rahbari kasbiy ta’lim masalasiga alohida e’tibor qaratdilar. 2026 yil – Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili deb e’lon qilinishi hamda Kasbiy ta’lim agentligining tashkil etilishi bu tizim fidoyilarini, shu jumladan, mening ham quvontirdi. Negaki, tajriba va ko‘nikmalarim shu tizimda shakllangan, uning barcha bo‘g‘inlarida – ishlab chiqarish ustasidan kollej rahbarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tganman va bu mashaqqatlarni o‘z faoliyatimda his etganman.
Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyat – mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi
Hurmatli Yurtboshimizning kasbiy ta’limga bo‘lgan bugungi e’tibori, qo‘llab-quvvatlashlari va imtiyozlarni boshqa ta’lim turlari bilan tenglashtirishlari texnikumlarga yangi muhit olib kiradi. Xalqaro standartlar va ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlarining joriy etilishi natijasida yoshlarimiz xorijiy ta’lim muassasalaridan qolishmaydigan texnikumlarda turizm, tibbiyot, qurilish, logistika, iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda kasblarni egallaydilar. Ular mehnat bozorida o‘z o‘rnini topib, oilalar farovonligi, mahallalarda tinchlik, ota-onalar roziligi va xotirjamligini ta’minlaydilar, jamiyatda barqarorlikni mustahkamlaydilar.
Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash – moddiy va ma’naviy ehtirom
Kasaba uyushmalari tizimi uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri – mehnatkashlarning ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishdir. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan tashabbuslar – pedagoglar uchun ipoteka kreditlarining boshlang‘ich badalini qoplash, farzandlarining kontrakt to‘loviga chegirmalar berish, komp’yuter xaridi uchun imtiyozli kredit ajratish, davlat xizmatlari to‘lovlarini ikki barobar kamaytirish kabi choralar o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlaydi.
Bundan tashqari, viloyatimizda mavjud 25 ta texnikumdagi 1000 nafardan ortiq muallim va ustalarning malakasini oshirish hamda jamiyatdagi mavqeini yuksaltirishga qaratilgan choralar belgilanmoqda. Ular uchun kasbiy sertifikatlash tizimining joriy etilishi natijasida ishlab chiqarish ustalari va o‘qituvchilar ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan rag‘batlantiriladilar va o‘z o‘rnida ularning salohiyati yanada oshadi.
Xulosa o‘rnida
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyat Kengashi ta’lim sohasidagi islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Ustoz va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar nafaqat soha taraqqiyotiga, balki butun jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Mehnatkashlarning huquq va manfaatlari himoya qilinib, ijtimoiy sharoitlari yaxshilanar ekan – bu mamlakatning har tomonlama taraqqiyoti va kelajak farovonligining kafolati bo‘ladi.
Nazira Tog‘aeva
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi raisi