24.09.2025. 2025 yil 15–19 sentyabr’ kunlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Malaka oshirish instituti nodavlat ta’lim muassasasida Federatsiya apparatining mehnatni muhofaza qilish bo‘limi hamda tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining mas’ul xodimlari uchun malaka oshirish o‘quvlari o‘tkazildi. Unda “Mehnat muhofazasining yangi bosqichi: ish joyida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning roli” mavzusi atroflicha yoritildi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, “Atrof-muxitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili”” davlat dasturi doirasidagi vazifalar, Konstitusiya va Mehnat kodeksida belgilangan huquq va qoidalar, Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari hamda xalqaro mehnat standartlari, yashil iqtisodiyotga o‘tishda yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari, ijtimoiy sheriklik va jamoa shartnomalarini tuzish amaliyoti, mehnat muhofazasi tizimini joriy etish va rivojlantirish yo‘nalishlari, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni oldini olish va tahlil qilish tartiblari, boshlang‘ich tashkilotlardagi hujjatlar yuritilishi, axborot tizimlarini joriy etish amaliyoti, mehnat muhofazasi bo‘yicha ijroiya qarorlari hamda vakillar faoliyati haqidagi mavzular taqdim etildi.
Amaliy mashg‘ulot sifatida ishtirokchilar “Toshkent Issiqlik Elektr stansiyasi” AJga tashrif buyurishdi. Shuningdek, yakuniy test sinovlari o‘tkazilib, tinglovchilarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Malaka oshirish instituti tomonidan sertifikatlar topshirildi.
O‘quv jarayonida tinglovchilar mehnat muhofazasiga oid qonunchilikdagi ayrim muammolar, xalqaro konvensiyalar implementasiyasi, sug‘urta to‘lovlari bilan bog‘liq amaliyotdagi muammolar, milliy va xalqaro standartlarni joriy etish masalalari, hamda qonunchilikni amaliyotga tatbiq etishdagi kamchiliklar haqida fikr almashdilar. Shuningdek, Ijroiya qo‘mita qarorlari va ish rejalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan tushuntirish va yo‘nalishlar berildi.