25.09.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan 1 oktyabr’ — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan ta’lim fidoyilariga e’zoz va izzat-hurmat ko‘rsatildi.
Tadbirda bor kuch-g‘ayratini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan faxriylar, o‘z bilimi va iqtidori bilan o‘rnak bo‘layotgan ilg‘or o‘qituvchilar, xalq ta’limi sohasining fidokor insonlari ishtirok etdi.
Ta’lim sohasida namunali faoliyat yuritayotgan yuzdan ortiq ta’lim xodimlariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashining esdalik sovg‘alari va sihatgohlarga yo‘llanmalar topshirildi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ravshan Bedilov hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliev soha xodimlarini bayram bilan tabriklab, o‘qituvchilik kasbi kasblar ichida eng sharaflisi ekanini ta’kidladi.
O‘z navbatida, so‘zga chiqqan ustozlar o‘qituvchilarni har jabhada qo‘llab-quvvatlab kelayotgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga minnatdorlik bildirdilar.
Bayram munosabati bilan yangragan kuy-qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi.