02.10.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan hududiy kengashlar rahbariyati hamda viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda joriy yilning 29 sentyabr’ kuni Buxoro shahar Kasbiy ko‘nikmalar markazida “Sayyor qabul”, shuningdek 30 sentyabr’ kuni Buxoro viloyat kengashi katta majlislar zalida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda tarmoq kasaba uyushmalarining viloyat, shahar va tuman kengashlari, boshlang‘ich hamda birlashgan kasaba uyushma qo‘mitalari raislari, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining yangi saylangan raislari, korxona va tashkilotlarning xodimlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullari, yuristkonsultlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari, Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Q. Kirgizaliev, Federatsiyaning Yuridik bo‘limi mudiri X. Premqulov, Federatsiya Mehnat inspeksiyasining mehnat huquqi inspektori N. Asadova hamda viloyat prokuraturasi mas’ul xodimlari ishtirok etdilar. Ochiq muloqotlar davomida fuqarolar, korxona va tashkilot vakillari, shuningdek yangidan saylangan kasaba uyushma qo‘mitalari raislari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilishdi. Asosiy e’tibor mehnat munosabatlaridagi muammolar, jamoa shartnomalari tuzish tartibi, xodimlarning huquqiy muhofazasi, ish haqi va mehnat shart-sharoitlari, shuningdek kasaba uyushmalarining asosiy vazifasi — xodimlarni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga qaratildi.
Mutaxassislar tomonidan har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, huquqiy tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi. Tadbir ishtirokchilari bunday ochiq muloqotlar joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda samarali vosita ekanligini ta’kidladilar.