14.10.2025. Mamlakatimizda so‘ngi yillarda xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish borasida juda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, davlat boshqaruvida teng huquq va imkoniyatlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar belgilangan. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, davlat organlari va tashkilotlar faoliyatida tenglik tamoyillarini ta’minlashda birinchi navbatda normativ-huquqiy bazani tizimli ravishda takomillashtirib borish talab etadi.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘RQ-809-son Qonun bilan “genderga oid audit” tushunchasi qonunchilikka kiritildi hamda vazirlik va idoralarda genderga oid audit o‘tkazish O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga topshirildi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasining 2025 yil 26 mayda 14-son Bayonnomasi qarori bilan davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyoti va uch yillik reja tasdiqlanib, 2025 yilning III choragi davomida Ichki ishlar vazirligi tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida genderga oid audit o‘tkazilishi belgilandi.
Uslubiyatdan kelib chiqqan holda o‘rganish jarayonini tizimli tashkil etish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston davlat muassasalari
va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi o‘rtasida “Ichki ishlar vazirligi tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida genderga oid auditni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror imzolandi. Unda vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari, hududiy boshqarmalari hamda quyi tuzilmalar faoliyatlarida genderga oid auditni o‘tkazish uchun auditor guruhlari tashkil etildi.
Genderga oid audit uslubiyotiga muvofiq audit quyidagi 5 bosqichda amalga oshirildi:
Hujjatlarni tahlil qilish;
Xodimlar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish;
Xodimlar bilan individual suhbat o‘tkazish;
Xodimlar uchun interaktiv seminarlar tashkil etish;
Yakuniy hisobot tayyorlash, davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha strategiya va takliflar ishlab chiqish.
Genderga oid audit nafaqat Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatida, balki hududiy boshqarmalar va quyi tuzilmalarda ham amalga oshirildi. Tahlillar jarayonida kadrlar tarkibi, rahbarlik lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushi, gender tenglikni ta’minlash va xizmat faoliyatidagi teng imkoniyatlar masalalari o‘rganildi.
Shuningdek, vazirlik markaziy apparatida genderga oid audit yuzasidan o‘tkazilgan seminarda bugungi kundagi gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va vazirlikdagi mavjud holat yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tdi.
Genderga oid audit jarayonlari bo‘yicha ma’lumotnoma, aniqlangan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasiga taqdim etildi.