[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

27.10.2025. Xorijiy til o‘qituvchilari uchun majburiy V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat talabi ta’lim tizimidagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Yaqinda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining sa’y-harakatlari bilan muhim yutuqqa erishildi.

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuborgan rasmiy xati natijasida, V2 sertifikatiga ega bo‘lmaganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinishi xavfi ostida qolgan 20 mingdan ziyod pedagogning huquqlari himoya qilindi va joylardagi keskinlik bartaraf etildi.

Biroq, ushbu pedagoglarga 2026-yil 1-yanvariga qadar sertifikat olish uchun muhlat berilishi ortidan yangi savollar, murojaatlar va muammolar kelib chiqa boshladi. Muhlatning cheklanganligi va sertifikat olish jarayonlari bilan bog‘liq qator omillar o‘qituvchilar orasida yana xavotir uyg‘otmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2025-yil 17-sentyabrdagi tegishli topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 24-oktyabr’ kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida hamkor vazirlik va idoralar bilan kengaytirilgan ijtimoiy muloqot o‘tkazildi.

Ushbu muhim uchrashuvda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Adliya vazirligi vakillari, taniqli yurist-blogerlar qatorida mazkur masalaning asosiy tashabbuskorlaridan bo‘lgan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi vakili ham faol ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida barcha tomonlar masalaning yechimi yuzasidan o‘zlarining dastlabki takliflarini, joylardagi haqiqiy muammolarni va ularning yechimlari bo‘yicha fikrlarini bayon etdilar.

O‘z navbatida, Kasaba uyushmasi Respublika kengashi vakillari o‘qituvchilarning manfaatlaridan kelib chiqqan holda qat’iy pozisiyani e’lon qildilar. Xususan, muammoni vaqtinchalik yoki qisman hal etish o‘rniga, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga aniq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shimcha o‘zgartirish kiritish, ya’ni masalani tubdan hal qiladigan aniq norma qabul qilish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar ushbu masala bo‘yicha doimiy muloqotni davom ettirishga va tez kunlarda barchani qanoatlantiradigan aniq huquqiy yechimni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

L.Turikova

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi