06.11.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston kengashi tomonidan mamlakatda kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda “11 noyabr’ – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan qator uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 3 noyabr’ kuni Federatsiyaning Qoraqalpog‘iston kengashi raisi U. Jalmenov “Qo‘ng‘irot soda zavodi” va “Nukus SSP Texnopark” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi hamda ularning mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvlarda korxonalar faoliyati tahlil qilindi, ish beruvchi va kasaba uyushmalari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, xodimlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat muhitini yaxshilash hamda faol xodimlarni rag‘batlantirish masalalari muhokama etildi.
Ta’kidlanishicha, xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda kasaba uyushmalari muhim o‘rin tutadi. “Nukus SSP Texnopark” MChJda ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar va amalga oshirilayotgan ijtimoiy tashabbuslar boshqalar uchun namuna sifatida e’tirof etilgan. Korxonada 150 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning daromadini oshirish, qo‘shimcha mehnat ta’tillari berish, sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish va faol xodimlarni moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish doirasida 36 million yevroga teng aralash toladan ip yigirish liniyasi faoliyat yuritmoqda. Germaniyaning “Truetzschler GmbH & Co.KG” va Yaponiyaning “Murata Machinery LTD” kompaniyalaridan keltirilgan zamonaviy uskunalar ishga tushirilgan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng, korxona yillik 50 million dollarlik mahsulot ishlab chiqaradi, shundan 15 million dollari eksportga yo‘naltiriladi va 1 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu Qoraqalpog‘iston sanoati rivojiga hamda aholi turmush darajasini oshirishga katta hissa qo‘shadi.
Uchrashuvda mehnatda faol va tashabbuskor xodimlar Federatsiyaning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bunday tadbirlar mehnat jamoalarida ijtimoiy muhitni mustahkamlash, xodimlar mehnatiga e’tibor va hurmatni oshirishga xizmat qilmoqda.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский