[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

07.11.2025. Avvalombor, ta’kidlash zarurki, so‘nggi 8-9 yil davomida muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda barcha sohalarda birdek olib borilayotgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlar natijasida inson qadrini ulug‘lash va manfaatlarini ta’minlash yo‘nalishlarida yuksak natijalarga erishildi. Ana shunday izchil islohotlar va yangilanishlar jarayonida O‘zbekiston kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqdalar.

Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yil 17 oktyabr’ kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvda alohida qayd etdi. Xususan, mazkur uchrashuvda Davlatimiz rahbari “Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin a’zoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor. Fursatdan foydalanib, har bir korxona va tashkilotga – ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga – rag‘bat va adolat ruhini olib kirayotgan kasaba uyushmalari faollariga chin dildan minnatdorlik bildiraman”, deya alohida ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbari qayd etganlaridek, mamlakatimizda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Buni muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bora                 11 noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilash taklifi ilgari surilgach, “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingani, va bu kasaba uyushmalari hayotida unutilmas voqea sifatida tarixga muhrlangani ham ko‘rsatib turibti.

Prezidentimiz bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligini alohida e’tirof etish bilan birga bir qator salmoqli takliflarni ham ilgari surdilar. Ularni amalga oshirish bo‘yicha maxsus yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.

Ta’kidlash zarurki,  mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson qadrini ulug‘lash mujassamdir. Inson manfaatlariga qaratilgan islohotlar natijasida milliy huquq tizimimiz xalqaro standartlarga moslashib, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining barqaror kafolatiga aylandi.

Natijada oxirgi yillarda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarildi, kasaba uyushmalarining xodimlar mehnat huquqlarini himoyalash, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va XMT konvensiyalarini ratifikasiya qilishda hamkorlik yo‘nalishlaridagi faoliyati sezilarli darajada oshdi.

Shu o‘rinda 2025 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida bo‘lib o‘tgan hisobot-saylovlar yakunlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish lozim.

2025 yilda barcha darajadagi kasaba uyushmalari organlarining vakolat muddatlari tugashi munosabati bilan, kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlar o‘tkazildi.

Tizimda ichki demokratiyani yanada mustahkamlash sari muhim qadam qo‘yilib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixida ilk marotaba hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomda barcha darajadagi kasaba uyushmalari tashkilotlari raislari va rais o‘rinbosarlari saylovi muqobillik asosida, ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan holda faoliyat olib boradigan rais va rais o‘rinbosarlari saylovi esa muqobillik asosida, muqarrar ravishda yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi.

2025 yilning fevral’-aprel’ oylari davomida Federatsiya tizimidagi 37 ming 23 ta boshlang‘ich tashkilotda hisobot-saylovlar, jumladan, 34 ming 411 ta boshlang‘ich tashkilotda hisobot-saylov yig‘ilishlari, 2 ming 613 ta boshlang‘ich tashkilotda hisobot-saylov konferensiyalari o‘tkazildi.

Hisobot-saylovlar jarayonida faoliyati bugungi kun talabiga javob bermaydigan, xodimlar ishonchini oqlamagan qo‘mita raislari va tashkilotchilar o‘rniga yosh, tashabbuskor xodimlarni jalb etish ishlariga alohida e’tibor qaratilib, boshlang‘ich tashkilotlar raislarining 16,5 foizi (6 ming 107 nafari) mazkur lavozimlarga birinchi bor saylandilar.

2025 yilning may-iyun’ oylarida 70 ta birlashgan qo‘mitalar, 573 ta tuman, shahar va 83 ta viloyat bo‘linmalarida hisobot-saylov konferensiyalari bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyalarda birlashgan qo‘mitalar, tuman, shahar, viloyat kengashlari a’zoligiga jami 10 ming 192 nafar a’zolar, shulardan 3 ming 652 nafari (qariyb 36 foizi) birinchi bor, saylandi.

Kasaba uyushmalari qurultoylari, hududiy Kengashlarning konferensiyalariga jami 2 ming 965 nafar delegatlar saylanib, qurultoy va konferensiyalarda 2 ming 843 nafari yoki 92,5 foizi ishtirok etdi.

Qurultoy va konferensiyalarda Respublika kengashlari, hududiy Kengashlar a’zoligiga 942 kishi saylandi, ularning 266 nafari (28,2%) ayollarni, 356 nafari (38%) birinchi bor saylanganlarni tashkil qildi.

Joriy yilning 1 noyabr’ kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoy ishida 400 dan ziyod delegatlar, kasaba uyushmalarining ijtimoiy hamkorlari bo‘lgan ko‘plab vazirlik, idoralar rahbarlari, shuningdek, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi, Xalqaro mehnat tashkiloti vakilllari qatnashdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikovning “Yangi O‘zbekiston – yangi kasaba uyushmalari: Federatsiyaning 2021-2025 yillardagi faoliyati va milliy taraqqiyotning zamonaviy bosqichida kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari to‘g‘risida”gi hisobot ma’ruzasi Qurultoy ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi. Qurultoyda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Nazorat-taftish  komissiyasining 2021-2025 yillardagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham tinglandi. Har ikkala masala yuzasidan bo‘lib o‘tgan muhokamalar jarayonida so‘zga chiqqan delegatlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatiga qoniqarli baho berib, Nazorat-taftish komisiyasi hisobotini tasdiqladilar.

Shundan so‘ng O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi va uning o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Bosh kengashi, Ijroiya qo‘mitasi, shuningdek Nazorat-taftish komissiyasi tarkibi va raisini saylash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi. Hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida Nizomga muvofiq Federatsiya raisi va rais o‘rinbosarlari saylovi yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi.

Federatsiya tizimida ilk bora muqobillik asosida o‘tkazilgan saylovda yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, Rafikov Qudratilla Mirsoatovich ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining raisi etib saylandi.

Endi ijozatingiz bilan raqamlarga to‘xtalib o‘tsam.

O‘tgan 5 yillik hisobot davrida kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligi natijasida    500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilinib, ular foydasiga         267 milliard so‘m undirib berildi. Shuningdek, ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 milliard so‘m tovon puli to‘lab berildi. Bundan tashqari, nohaq bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga tiklangan.

Kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning 27 ming 387 ta murojaati ko‘rib chiqilishi natijasiga ko‘ra jami 32 ming          651 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga 105 mlrd. 909 mln. so‘mdan ziyod mablag‘ undirib berildi. Xodimlar huquqlarini tiklashni so‘rab ish beruvchilarga 8 ming 135 ta taqdimnoma kiritilib, 38 ming 841 ta kamchilik bartarf etilishiga erishildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida Genderga oid audit o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha imzolangan Bosh jamoa kelishuvi, 14 ta hududiy jamoa kelishuvi, 103 ta tarmoq jamoa kelishuvi xodimlar uchun ijtimoiy kafolatlar ko‘lamini yanada kengaytirishning muhim va ishonchli mexanizmi bo‘lib xizmat qilmoqda. 2025 yilga kelib hududiy-tarmoq kelishuvlari soni 2021 yildagi 354 tadan 540 taga oshdi. 2025 yil 1 yanvarga kelib yuridik shaxslarda imzolangan jamoa shartnomalari soni 127 mingdan oshdi. Bugungi kunda jamoa shartnomalari xodimlar uchun bandlik va munosib mehnat kafolatlarini belgilash, ish haqi miqdorini oshirishning samarali vositasiga aylangan. Tuzilgan jamoa shartnomalarining barchasida xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishdan oldin kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini albatta olish zarurligi talabi kiritilgan.

2024 yil yakunlariga ko‘ra respublika bo‘yicha 32 ming 251 ta korxona va tashkilotda jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffisienti ko‘tarilgan bo‘lib, bu orqali 1 mln. 342 ming nafar xodimning ish haqi oshirilishiga erishilgan. Jamoa shartnomalarida  xodimlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar kiritilishi natijasida jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun respublika bo‘yicha o‘rta hisobda bir xodimga yil davomida sarflangan mablag‘ 10 mln. 89 ming so‘mni tashkil etib,  2021 yilga nisbatan 2 barobarga ortgan.

Hisobot davrida ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat dasturlarini bajarish doirasida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 945 ming 853 nafar fuqaroga va 353 ming 325 ta oilaga qariyb 966 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.

Barcha hududlarda ish beruvchilar tomonidan xodimlarga to‘lanadigan ish haqi ularning malakasiga muvofiqligi nazorati olib borilmoqda. Xususan, hisobot davrida kasaba uyushmalari tomonidan 36 mingdan ziyod korxona, tashkilot va muassasada ish beruvchilar tomonidan eng kam ish haqi me’yorlariga rioya etilishi holati o‘rganildi va qonun buzilishi holatlari bartaraf etildi. 2021-2025 yillar mobaynida ish beruvchilarga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, banklarga, huquqiy inspeksiyalarga, prokuratura va sud organlariga 974 ta murojaat kiritilib,  769 milliard so‘mdan ortiq o‘z vaqtida to‘lanmagan ish haqi undirilishiga erishildi.

Mehnat muhofazasi bo‘yicha nazorat-profilaktika ishlari bilan birga xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratilishi yuzasidan monitoring amalga oshirilmoqda. Hisobot davrida 5 ming 850 ta korxona va tashkilotda mehnat muhofazasi holati o‘rganilib, aniqlangan 21 ming 346 ta kamchilik bo‘yicha  ish beruvchilarga 2 ming 762 ta taqdimnoma kiritildi va  kamchiliklarning aksariyati bartaraf etilishiga erishildi. Shuningdek, korxona va tashkilotlarda baxtsiz xodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida doimiy monitoring amalga oshirilib, tegishli ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasiga kiritib borilmoqda.

Kasaba uyushma tashkilotlari tuzilmagan korxona va tashkilotlar hodimlarini kasaba uyushmalariga jalb qilish ishlari hisobot davrida sezilarli darajada kuchaytirilishiga erishildi. Natijada, 2021 yilda kasaba uyushmalari a’zolari soni 5 mln. nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib qariyb 8 mln. nafarga yetdi.

So‘nggi yillarda kasaba uyushmalarining horijiy mamlakatlar kasaba uyushmalari va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari rivojlandi. Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tuzildi. Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari Kengashi tashkil etildi. Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi bilan tizimli hamkorlik o‘z natijasini berib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Konfederatsiyaga haqiqiy a’zolikka qabul qilindi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi – xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirishdir. Ta’kidlash zarurki, 2016 yilda kasaba uyushmalari tizimida jami 17 ta sanatoriy faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib tizimdagi sanatoriylar soni 33 taga yetdi. Federatsiya tizimidagi sanatoriy va dam olish uylarida 2017 yilga nisbatan o‘rinlar soni 2043 taga oshdi va yiliga qo‘shimcha 60 mingdan ortiq aholini sog‘lomlashtirish imkoni yaratildi. Yangi qurilgan sanatoriylar, qo‘shimcha yotoq va davolash bo‘limlarini ishga tushirilishi hisobiga qo‘shimcha 1433 ta muqim ish o‘rinlari yaratildi. Hisobot davrida kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda 900 ming nafarga yaqin dam oluvchi sog‘lomlashtirildi. Ulardan qariyb 341 ming nafar mehnatkash imtiyozli va     21 ming 831 nafari bepul yo‘llanmalar asosida o‘z salomatliklarini tikladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida “Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti” tashkil etildi. 2017-2023 yillar davomida 8 ta yangi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi qurilib foydalanishga topshirildi, faoliyat yuritmayotgan yoki samarasiz ishlayotgan 82 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi balansiga o‘tkazildi va tasarrufdagi oromgohlar soni 107 taga yetdi. Bugungi kunda 14 ta faoliyat yuritmayotgan oromgohlarni bosqichma-bosqich yangidan qurish ishlari olib borilmoqda.

2021-2025 yillar davomida yoz mavsumida oromgohlarda mehnatkashlarning qariyb 1 mln. 545 ming nafar farzandi sog‘lomlashtirildi. Shu jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning farzandlari, ota-ona qarovisiz qolgan, nogironligi bor bolalar, Mehribonlik uylari va oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilaridan qariyb 75 ming nafari imtiyozli va bepul asosda dam oldirildi.

Hisobot yillarida mamlakatimiz kasaba uyushmalari harakati tarixini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2021 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarixi muzeyi tashkil etildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan tuzilgan Ishchi guruh tomonidan mamlakatimiz va horijdagi arxiv hamda kutubxonalar fondidagi 1 000 dan ortiq tarixiy hujjatlar shuningdek, o‘tgan asrning boshida chop etilgan “Turkiston”, “Ishchilar dunyosi”, “Xurshid”, “Taraqqiy” va “Samarqand” gazetalarining 200 dan ortiq sonlari o‘rganildi. Ilmiy o‘rganish va tarixiy-nazariy tahlillar natijasida mamlakatimizda ilk kasaba uyushmalari harakati 1905 yilda boshlanganligi hamda 2025 yilda 120 yil to‘lishi tarixiy hujjatlar hamda aniq manbalar asosida to‘liq isbotini topdi.

Joriy yilda mamlakatimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi va 11 noyabr’ – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni keng nishonlanmoqda. Respublikamiz hududlaridagi korxona, tashkilot va muassasalar mehnat jamoalarida, eng chekka hududlarda mazkur sanalarga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishonini ta’sis etdi. Undan kasaba uyushmalari harakatining yubiley sanasini tantanali nishonlash, mazkur sana munosabati bilan soha faollarini ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish maqsad qilingan. Bayram arafasida ushbu nishon bilan kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan, sohaning tarixini yaxshi bilgan va uni keng ommaga targ‘ib qilgan, mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ishchi-xizmatchilar, mazkur yo‘nalishga katta hissa qo‘shgan, nufuzini oshirib, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etgan shaxslar taqdirlanmoqda.

Matbuot konferensiyasi davomida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari tashkil topganligining 120 yilligiga bag‘ishlab chiqarilgan maxsus pochta markalarining taqdimoti hamda maxsus xotira shtempeli bilan so‘ndirish marosimi ham o‘tkazildi.

2025-yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi keng nishonlanishi munosabati O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2025-yil 2-oktabrdan O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlangan maxsus pochta markalari turkumi muomalaga kiritildi. Mazkur turkum 9 ta pochta markalaridan iborat bo‘lib, kichik varaq ko‘rinishida  tayyorlangan. Maxsus pocha markalarida mamlakatimiz mehnatkashlarini yuqori ijtimoiy va ma’naviy faravonligini ta’minlovchi dam olish maskanlari, ularning salomatligi uchun sport hamda sog‘lomlashtirish majmualari, shuningdek, bolalar oromgohlari tasvirlangan. Kichik varaqning hoshiyasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi logotipi aks ettirilgan. Turkum uchun maxsus sovg‘a albomi va pochta konverti tayyorlangan. Maxsus pochta markalariga identifikatsiya raqamlari berilgan va nominallar o‘rnatilgan. Pochta markalar bir necha rangda ishlangan. Ofset usulida bosilgan. Perforatsiyasi taroqsimon. Qog‘ozi oq silliq. Kichik varaqning o‘chami 200×170 mm, pochta markalarining o‘lchami 52×37 mm. Turkumning adadi 1500 nusxa. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlangan pochta markalarini so‘ndirish maqsadida maxsus xotira shtempeli tayyorlandi. Maxsus xotira shtempelining o‘rtasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi logotipi tasviri tushirilgan. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlangan maxsus pochta markalari xat va banderollar orqali butun dunyo bo‘ylab aylanib chiqadi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati