[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

13.11.2025. 11 noyabr’ – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni va O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda tarmoq tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari 120 yil xalq bilan!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar, sport musobaqalari, shuningdek “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida sayohatlar tashkil qilinmoqda.

Tarmoq tizimidagi “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ korxonasida ham bayram munosabati bilan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkazildi.

Tantanali tadbirda Kasaba uyushmasi Respublika kengashi mas’ul mutaxassislari ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar mamlakatimiz taraqqiyotida kasaba uyushmalari tizimining tutgan o‘rni, mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi muhim roli haqida fikr bildirdilar. Shuningdek, ular o‘z mehnati, tashabbusi va fidoyiligi bilan jamoa hayotiga hissa qo‘shayotgan kasaba uyushmalari faollarini samimiy tabriklab, minnatdorchilik izhor etdilar.

Tadbir davomida Respublika kengashining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ rahbariyati tomonidan sportning shashka va shaxmat, voleybol va mini-futbol turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar g‘oliblari, bir guruh kasaba uyushmalari faollari hamda fidokorona mehnat qilayotgan xodimlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Bayramona dasturxon va xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar mehmonlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Shavkat Toirov

O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi