03.12.2025. O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, jamiyatda teng imkoniyatlar yaratish va ish joyida xavfsiz muhit ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu chora-tadbirlar nafaqat qonunchilik bazasini mustahkamlash, balki amaliyotda tatbiq etiladigan samarali mexanizmlarni shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, shu bilan birga yurtimizda gender tengligini mustahkamlash, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda barcha uchun xavfsiz, shaffof va inklyuziv mehnat muhitini yaratishga qaratilgan keng qamrovli va izchil siyosatning muhim tarkibiy qismini tashkil etmoqda.
Shu maqsadda 2025 yil 1 dekabr’ kuni “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” shiori ostida o‘tayotgan 16 kunlik kampaniya doirasida “Ish joyida genderga asoslangan zo‘ravonlik: nazariya va amaliyot” mavzusidagi yirik seminar-trening o‘tkazildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu seminarda davlat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari vakillari ishtirok etdilar.
Xususan, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining xotin-qizlar va gender tengligi masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi Yu. Adilova ishtirok etib, sohadagi amaliyot va mavjud muammolar xususida fikr almashdi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan ish joyida uchraydigan gender zo‘ravonligining turli shakllari — jismoniy, psixologik, iqtisodiy va jinsiy zo‘ravonlik, shuningdek raqamli dunyodagi tahdidlar keng yoritib berildi.
Ishtirokchilar genderga asoslangan zo‘ravonlik jamoa muhitini izdan chiqarishi, mehnat unumdorligini pasaytirishi, xodimlar o‘rtasida ishonchni susaytirishi va korxonaning umumiy samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, bunday holatlarni aniqlash mezonlari, ularni huquqiy baholash tartibi hamda jabrlanuvchilarni himoya qilish bo‘yicha milliy va xalqaro tajribalar bilan tanishdilar.
Seminarning muhim jihatlaridan biri — ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlar va real vaziyatlar ssenariylari asosida zo‘ravonlikka ishora bo‘lishi mumkin bo‘lgan alomatlarni aniqlash, jabrlanuvchiga qanday yordam ko‘rsatish, unga bosim o‘tkazmaslik, ish joyida xavfsiz murojaat kanallarini tashkil etish, ish beruvchi, kadrlar xizmati, kasaba uyushmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zaro hamkorlik algoritmlarini amalda o‘rgandilar.
Seminar davomida nodavlat tashkilotlarning roli alohida qayd etildi. Kasaba uyushmalari ham xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat muhitini xavfsiz va teng huquqli qilish, jamoalarda gender zo‘ravonligiga nisbatan “nol’ tolerantlik” siyosatini joriy etish, ichki himoya mexanizmlarini kuchaytirish, xodimlar o‘rtasida xabardorlikni oshirish, jabrlanuvchilarni huquqiy va psixologik yordam tizimlariga yo‘naltirish kabi vazifalarni amalga oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
O‘tkazilgan trening kasaba uyushmalari yetakchilariga ushbu sohadagi bilim va amaliy ko‘nikmalarni yanada chuqurlashtirish imkonini berdi.
Tadbir yakunida mutaxassislar tomonidan korxonalarda gender zo‘ravonligiga qarshi ichki nizom va mexanizmlarni yaratish, ularni amaliyotga joriy etish, xodimlar uchun psixologik qo‘llab-quvvatlash xizmatlari va ishonch telefonlarini tashkil etish, xodimlar uchun muntazam o‘quv-treninglar o‘tkazish, rahbarlar va kadr xizmati xodimlari uchun maxsus tayyorlov kurslarini joriy qilish, tezkor murojaat va yordam tizimlarini kuchaytirish hamda raqamli zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy dasturlardan foydalanish bo‘yicha muhim tavsiyalar qabul qilindi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский