04.12.2025. 8 dekabr’ — O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan tizimda mehnat qilib kelayotgan 20 nafar ayolga «Bo‘ston» sihatgohida salomatliklarini mustahkamlashlari uchun bepul yo‘llanmalar berildi.
Bu xayrli ish tarmoq kasaba uyushmasi tomonidan birinchi marta amalga oshirilayotgani emas. Bundan avval ham bayram munosabati bilan 10 nafar yo‘lsoz ayolga sanatoriyda davolanib, hordiq chiqarib kelishlari uchun bepul yo‘llanmalar taqdim etilgan edi.
— Har bir kasaba uyushma a’zosi biz uchun qadrli, — deydi Transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Zohidjon Qodirov. — Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, dam olishlarini tashkil etish, sayohatlarga yuborish, huquqlarini himoya qilish yo‘lida ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Bayram munosabati bilan ularning kayfiyatini ko‘tarish va xushnud etish maqsadida yana 20 nafar yo‘lsoz ayolni O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tasarrufidagi «Bo‘ston» sihatgohiga jo‘natyapmiz. Ularda sihatgohda mazmunli dam olish va salomatliklarini tiklash imkoni bo‘ladi.
— Kasaba uyushmalari hamkasblarim qatori menga ham bepul yo‘llanma berildi. Bunday e’tibordan boshim osmonga yetdi, — deydi Sabohatxon Rahmonova. — Endi mazza qilib hamkasblarim bilan sanatoriyda hordiq chiqaramiz. Buning uchun, albatta, bizni bir safda jamlagan kasaba uyushmalariga minnatdorlik bildiraman.
Sihatgohda bepul dam olish huquqini beruvchi sertifikatlarni topshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri o‘rinbosari Jahongir Ixtiyarov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliev va Farg‘ona viloyati avtomobil’ yo‘llari hududiy boshqarmasi boshlig‘i Hasanboy Ketmonov ishtirok etdilar.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский