[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

17.12.2025. Kecha Jeneva shahridagi Millatlar saroyida “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoev yo‘li” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, mamlakatimizning BMTning Jenevadagi bo‘linmasi huzuridagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov, Jeneva Diplomatik doirasi direktori Robert F. Blyum, “Diva International” jurnali bosh muharriri Marit Fosse, diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar, ekspert doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qatnashchilar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat boshqaruvi, inson huquqlari ta’minlanishi, iqtisodiyot, ta’lim, gender tenglik va tashqi siyosat sohalaridagi o‘zgarishlar haqida fikr almashdi.

Taniqli o‘zbek siyosatshunos, senator, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov qalamniga mansub ushbu kitobda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asosiy bosqichlari va Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan boshlangan tizimli o‘zgarishlar aks ettirilgan. Nashr davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy siyosat, gender tenglik, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi islohotlar, mamlakatimizning jahon siyosatidagi o‘rni bo‘yicha tahliliy qarashlarni o‘zida mujassam etgan.

Tadbir davomida ishtirokchilar kitobning asosiy g‘oyalarini muhokama qilib, mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar sur’ati haqida fikr almashdi. Qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquqlari himoyasi mexanizmlarini takomillashtirish, iqtisodiy institutlarni modernizasiyalash, ayollar va yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, O‘zbekistonning mintaqaviy va global diplomatiyadagi rolini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

So‘zga chiqqanlar kitob eng yangi islohotlar mantig‘i va davlat taraqqiyotining strategik yo‘nalishini yanada chuqur anglash imkonini beruvchi qimmatli tadqiqot ekanini ta’kidladi. Ishtirokchilarning fikricha, taqdim etilgan asar O‘zbekistonda ro‘y berayotgan transformasiya jarayonlarini teran tushunishga intilayotgan xalqaro hamjamiyat uchun muhim manba hisoblanadi.

“Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoev yo‘li” kitobi diplomatlar va ekspertlar tomonidan davlatning siyosiy irodasi, ijtimoiy talablari va modernizasiya sur’atlarini aks ettiruvchi xolis va keng qamrovli asar sifatida yuqori baholandi.