23.12.2025. Turkiya Respublikasining Stambul shahrida IndustriALL Global Union’ga a’zo tashkilotlar ishtirokida Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi kasaba uyushmalari rahbarlarining subregional uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mehnat qonunchiligi, kasaba uyushmalari huquqlari, chegaralararo hamkorlik hamda xodimlarning jamoaviy kuchini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Kurbanov Shuxrat hamda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Berdaliev Nurpeis ishtirok etdi.
Ozarbayjon, Belarus, Ukraina, Gruziya, Qozog‘iston, Armaniston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston va O‘zbekiston delegasiyalari qatnashgan uchrashuvda Shuxrat Kurbanov nutq so‘zlab, kasaba uyushmasi faoliyati, jumladan IndustriALL Global Union’ga a’zo bo‘lish orqali yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, birlashish va jamoa muzokaralari orqali mehnat sharoitlari hamda ijtimoiy himoyani yaxshilashda aniq natijalarga erishish mumkinligi haqida to‘xtaldi.
Uchrashuv davomida delegatlar so‘nggi ikki yilda o‘z mamlakatlarida kasaba uyushmalari faoliyatidagi asosiy muammolar va yutuqlar, a’zolar sonidagi o‘zgarishlar, jamoa shartnomalarining bajarilishi, ish haqi, mehnat sharoitlari va ijtimoiy imtiyozlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, mintaqaviy kasaba uyushmalari tomonidan IndustriALL Global Union tarmog‘i orqali qanday hamjihatlik va qo‘llab-quvvatlash kutilyotgani muhokama qilindi.
Uchrashuvda jamoaviy kuch mehnatkashlar huquqlarini himoya qilishda asosiy vosita ekanligi alohida ta’kidlandi.
Stambulda bo‘lib o‘tgan ushbu subregional uchrashuv turli mamlakatlar kasaba uyushmalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalar bilan almashish hamda qo‘shma strategiyalarni ishlab chiqish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi.
Ishtirokchilar kelgusida ham faol hamkorlikni davom ettirish va qo‘shma tashabbuslar orqali mintaqadagi xodimlar manfaatlarini himoya qilishga kelishib oldilar.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский