15.01.2026. Toshkent viloyatining Ohangaron tumani tibbiyot birlashmasida o‘rganish o‘tkazilganida, mehnat qonunchiligiga rioya etmaslik holatlari aniqlandi. Xususan, muassasada o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga mutaxassislik ish staji uchun salkam bir yil davomida ustama haq to‘lanmay kelingan.
Mehnat qonunchiligiga muvofiq, xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblab chiqarishda, uning maqsadlaridan qat’i nazar, asosiy ish joyi va o‘rindoshlik asosidagi ish uchun ish haqi alohida-alohida hisob-kitob qilinishi shartligi belgilangan. Shuningdek, agar jamoa shartnomasida yoxud ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan o‘zga ichki hujjatda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘rindoshlik asosida ishlovchilar mehnatiga haq to‘lash shakllari va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha haq, ustamalar, rag‘batlantiruvchi to‘lovlar to‘lash mazkur ish o‘zi uchun asosiy ish bo‘lgan xodimlarga belgilangan tartibda amalga oshiriladi, deb ko‘rsatilgan.
Ish beruvchiga kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma xati kiritildi. Lekin talab bajarilmadi, muammo Toshkent viloyati Moliya bo‘limi orqali hal bo‘lgach, to‘lab berilishi bildirildi. Natijada ish sudga oshirildi.
Bo‘lib o‘tgan sudda 33 nafar tibbiyot xodimiga o‘rindoshlik asosidagi ish uchun 150 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi. Shuningdek, ushbu qo‘shimcha to‘lovlar har oyda to‘lab boriladigan bo‘ldi.
Muhammadjon Ro‘zmetov
Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent viloyati kengashi mehnat huquq inspektori
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский